O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mavsumga yig`im-terim paytida majburiy mehnatning oldini olish, ishchi kuchi ortiqcha bo`lgan hududlarda tuzilgan bo`linmalar tarkibiga ixtiyoriy ravishda ishsiz va vaqtincha band bo`lmagan aholi aholi vaqillaridan yollangan terimchilar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini ta`minlashga qaratilgan katta tayyorgarlik ishlarini olib bordi. Bu haqda vazirlikning paxta terimiga tayyorgarlik va o`tkazish masalasiga doir rasmiy bayonotida so`z bormoqda.
Masalan, Sirdaryo viloyatiga band bo`lmagan aholidan 36 ming, Jizzax viloyatiga 30 ming, Qashqadaryo viloyatiga 10,8 ming kishini jalb qilish rejalashtirilgan. Ushbu viloyatlarda butun mamlakatda koronavirus pandemiyasi sharoitida rioya qilinayotgan sanitariya me`yorlari va gigiena talablarini hisobga olgan holda terimchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Kuniga 3 mahal ovqatlanish, terimchilar uchun ishdan tashqari vaqtlarda madaniy hordiq chiqarish tashkil etiladi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi «2020 yilda paxta hosilini yig`ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Qaroriga binoan paxta terish mashinalari bilan terib olingan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 920 ming so`m, qo`lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1000 so`m, ikkinchi terimda 1400 so`m to`lanadi. Shu bilan birga, paxta-to`qimachilik klasterlari va kooperativlarga narxlarni yuqoridagi narxlardan kam bo`lmagan darajada mustaqil belgilash huquqi berildi. Bundan tashqari, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog`iston Respublikasining Qonliko`l, Qorao`zak, Kegeyli, Qo`ng`irot, Taxtako`pir, Xo`jayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida qo`lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga O`zbekiston Respublikasi byudjetining qo`shimcha manbalari hisobidan 200 so`mdan ustama haq to`lanadi.
Shuningdek, vaqtincha ishsiz fuqarolardan iborat otryadlar rahbarlariga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg`armasi mablag`lari hisobidan 2 million so`m miqdoridagi to`lovlar ko`zda tutilgan. Ayni vaqtda joylarda ushbu otryadlar tarkibida paxta yig`im-terimida ishtirok etishni istaganlar ro`yxatlari shakllantirilmoqda. Ular bilan tuzilayotgan shartnomalarda o`zaro huquq va, shu jumladan, terimchilarning mehnatiga haq to`lashni nazarda tutadigan majburiyatlar ham o`rin olgan. Shu bilan birga, mavsumiy ishga yollanilaetgan paxtakorlarga 500 ming so`mdan bir martalik «ko`tarma» pullari ajratilishi to`g`risidagi yaqinda ovoza qilingan ma`lumotlar haqiqatga mos kelmaydi. Qarorda terimchilar mehnatini rag`batlantirish va mukofotlashning boshqa shakllari tasdiqlangan.
Tuzilayotgan guruh (otryad)lar tarkibida paxta xomashyosini terib olishda ishtirok etishni istagan yurtdoshlarimiz paxta yig`im-terimi paytida maxsus ochilgan www.terim.uz saytida ro`yxatdan o`tishlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi hududiy bo`linmalariga murojaat etishlari yoki vazirlikning (71) – 200-06-00 ishonch telefoniga qo`ng`iroq qilishlari mumkin, deyiladi rasmiy bayonotda.






