SSV bolalar bosh pulmonlogi, tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiev bilan bo`lgan suhbatni e`lon qildi.
— O`zbekistonda yosh bolalarning o`pka kasalliklari bilan kasallanish salmog`i nisbatan yuqori ekan, bunga sabab nima va bu holatning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— O`zbekistonda bolalarda o`pka kasalliklarini ko`payishiga bir necha omillar sabab bo`lmoqda. Birinchidan, havo-tomchi yo`li bilan yuqadigan virusli infeksiyalar ko`paygan vaqtda bolani shaxsiy gigiena qoidalariga to`liq rioya qilmasligi, himoyalovchi vositalarni to`g`ri ishlatmasligi.
Ota-onalar tomonidan farzandini uyda to`g`ri davolamasligi, kasal bo`lsa ham bog`cha, maktablarga yuborib boshqa sog`lom bolalarga infeksiyani yuqtirishi, bolada surunkali infeksiya o`choqlarini vaqtida bartaraf etmasligi, to`g`ri ovqatlantirmaslik, bolaning ruhiy zo`riqishi, chiniqmaslik, kam harakatlilik, uzoq vaqt yopiq xonalarda o`tirishi va virusli kasalliklar epidemiyasi vaqtida vaksinasiya qilinmasligi kasallanishning ko`payish sabablaridan deb o`ylayman.
Bu holatni oldini olish uchun ota-onalar farzandiga shaxsiy gigiena qoidalarini o`rgatib, himoyalovchi vositalar bilan ta`minlab, ularni qo`llashni ham o`rgatishi kerak. To`g`ri ovqatlantirish, chiniqtirish, haraktlarini ko`paytirish va o`z vaqtida vaksinasiya ishlarini olib borish zarur, deb o`ylayman.
— Ota-onalar bolalarni qancha vaqt oralig`ida pulmonolog nazoratidan o`tkazib turishlari kerak?
— Bolada nafas olish a`zolaridan shikoyat bo`lmasa, bir yilda bir marta bolalar pulmonologi tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Agar bolada nafas olish a`zolarining o`tkir yoki surunkali kasalliklari bo`lsa, unda uchastka shifokori tomonidan belgilangan reja asosida bolalar pulmonologi ko`rigidan o`tib, ma`lum vaqt tibbiy nazoratda bo`lishi kerak.
— Nafas a`zolari engil kasallangan bolalar ham bog`cha va maktablarga qatnaydilar. Asosiy vaqti uydan uzoqda o`tadi...
— Avvalo, nafas a`zolari kasalliklari bilan kasallangan bolalarni ota-onalar maktabgacha ta`lim muassasalariga va maktablarga yubormasliklari lozim, chunki engil kasallangan bo`lsa ham ular yuqumli hisoblanadilar. Bunday holatlarda bola nafaqat o`zini, balki yon atrofidagi insonlar va tengdoshlarini ham kasallikdan himoya qilishi lozim.
Ilmiy tekshiruvlar shuni ko`rsatadiki, bolalar 17 foiz adenovirus tashuvchi va 18 foiz mikoplazma tashuvchi bo`lib hisoblanadi. Bola kasallangan davrda ko`proq suyuqlik ichishi, yaxshi ovqatlanishi, doimiy himoyalovchi niqobda yurishi, gigienik qonun qoidalarga rioya qilishi, qo`lni sovunlab yuvishi yoki antiseptik vositalar bilan qo`lni muntazam ravishda dezinfeksiya qilishi, umumiy idish-tovoqlardan foydalanmaslik, yo`talganda yoki aksa urganda og`iz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishi, odam ko`p va gavjum bo`lgan joylarga bormasligi kerak.
— Pulmonologik kasalliklar onadan bolaga o`tadimi?
— Hozirgi kunda ota-onalar farzand tug`ilishidan oldin, ushbu muhim qadam oldidan o`z sog`ligini tartibga solib, farzandini ehtimoliy kasalliklardan himoya qilishga intilmoqda. Shunga qaramay, bola ota-onadan ko`plab kasalliklarni yuqtirishi mumkin va birinchi navbatda, bu onadan o`tadigan kasalliklardir. Bolaga onadan irsiy, yuqumli, virusli va endokrin kasalliklar o`tishi mumkin.
Masalan, pulmonologik kasalliklardan bronxial astmani olaylik. Agar onada bronxial astma bo`lsa, bolaga o`tish ehtimoli 40 foizni tashkil etadi. Agar ushbu kasallik ham otada, ham onada bo`lsa, bolaning kasallanish ehtimoli 80 foizni tashkil etadi. Bu ko`pincha allergik kasalliklarga moyilligi yuqori bo`lgan oilalarda kuzatiladi. Shuningdek, irsiy kasalliklardan mukovissidozda ham shu kasallik genini tashuvchi bo`lgan ota-onadan 25 foiz holatda xastalikka moyil bola tug`iladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bolaning erkin nafas olishida eng muhim omil to`g`ri parvarishdir.






