O`zbekistonning chegaradosh hududlarida savdo zonalari yaratiladi. Bu haqda “O`zbekiston Respublikasida iqtisodiy o`sishni tiklash va tizimli tarkibiy o`zgarishlarni davom ettirish bo`yicha 2020-2021 yillardagi amaliy harakatlar rejasi”da nazarda tutilgan.
Unga ko`ra, Qozog`iston tajribasidan kelib chiqqan holda Ozarboyjon, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda ham avtotransport vositalarining sanoat usulida yig`ishni tashkil etish bo`yicha ishlar jadallashtiriladi, elektromobillar bozorini rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish bo`yicha "maqsadli dastur" ishlab chiqiladi.
Shuningdek, "ERP" (ishlab chiqarish jarayoni va sotishni hisobini yuritish) zamonaviy avtomatlashtirilgan hisobot yuritish tizimini joriy etish, qishloq xo`jaligi texnikalarining narxlarini pasaytirish maqsadida, metall prokat iste`moli uchun belgilangan standartlarni qayta ko`rib chiqish, qishloq xo`jaligi texnikalarining plastmassa qismlari, g`ildirak disklarini ishlab chiqarish va metall quyish sexini tashkil etish bo`yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Elektrotexnika mahsulotlarining eksportini oshirish maqsadida, chegaradosh hududlarda, ya`ni Toshkent, Andijon, Farg`ona, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida savdo zonalarini yaratish kutilmoqda.
Bundan tashqari, mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash hajmini 49 ming tonnagacha oshirish, misni chuqur qayta ishlash va yuqori qo`shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotni (elektrotexnika va boshqa sohalarda) ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaratish maqsadida yangi investisiya loyihalarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish hamda elektrotexnika sanoatidagi standartlarni xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirish ko`zda tutilgan.






