O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Qozog`iston aviasiya ma`muriyati bilan xalqaro muntazam yo`lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo`yicha olib borgan muzokaralar yakuniga ko`ra «Uzbekistan Airways» va «Air Astana» aviakompaniyalariga sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Olmaota–Toshkent yo`nalishida muntazam parvozlarni bajarishni boshlash bo`yicha kelishuvga erishilgan edi.
O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur yo`nalish bo`yicha qatnovlar haftaning juma kunlari amalga oshiriladi. Bugundan e`tiboran «Uzbekistan Airways» va «Air Astana» aviakompaniyalari ushbu yo`nalishda parvozlarni bajarishni boshladi.
«Air Astana» aviakompaniyasining Olmaota – Toshkent – Olmaota yo`nalishida parvozni amalga oshirigan samolyot bugun soat 12:40 da Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga kelib qo`ndi.
Ushbu yo`nalish bo`yicha uchish istagida bo`lgan yo`lovchilar batafsil ma`lumotlarni aviakompaniyalarning rasmiy veb - saytlaridan olishlari mumkin.






