O`zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati 11 sentyabrdan Qozog`iston bilan muntazam aviaqatnovlar rasman tiklanganini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, Transport vazirligi Qozog`iston aviasiya ma`muriyati bilan xalqaro muntazam yo`lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo`yicha olib borgan muzokaralar yakuniga ko`ra, Uzbekistan Airways va Air Astana aviakompaniyalariga sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent—Olmaota—Toshkent yo`nalishida muntazam parvozlarni bajarishni boshlash bo`yicha kelishuvga erishgan.
Mazkur yo`nalish bo`yicha qatnovlar haftaning juma kunlari amalga oshiriladi. Bugundan e`tiboran Uzbekistan Airways va Air Astana aviakompaniyalari ushbu yo`nalishda parvozlarni bajarishni boshlagan.
Air Astana aviakompaniyasining Olmaota—Toshkent —Olmaota yo`nalishida parvozni amalga oshirigan samolyot 11 sentyabr kuni soat 12:40 da Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga kelib qo`ngan.
Vazirlik ushbu yo`nalish bo`yicha uchish istagida bo`lgan yo`lovchilar batafsil ma`lumotlarni aviakompaniyalarning rasmiy veb-saytlaridan olish mumkinligini bildirgan.






