AsosiyJamiyat

"Xalq ta`limi vazirligi "aqlli yurish" qilib, mas`uliyatni o`z zimmmasidan soqit qilmoqchi". Deputut Shermatovga qarshi chiqdi

'"Xalq ta`limi vazirligi "aqlli yurish" qilib,  mas`uliyatni o`z zimmmasidan soqit qilmoqchi". Deputut Shermatovga qarshi chiqdi'ning rasmi

Kuni kecha Xalq ta`lim vaziri Sherzod Shermatov o`zining telegram kanalida maktablarning faoliyat boshlashi haqidagi muhim masalalarida to`xtalib o`tgani haqida yozgan edik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev vazirning gaplariga o`z munosabatini bildirdi.

"Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatovga ko`ra, Mahalliy Kengashlarning oshib borayotgan vakolati maktablar ochilishi bo`yicha to`g`ri qaror qabul qilishlariga imkon beradi. Lekin aslida ham shundaymi? Haqiqatda ham amaliyotda Mahalliy Kengashlarda shunday qaror qabul qilish vakolati bormi?

Hammamiz yaxshi bilamizki Mahallliy Kengashlar raislari o`sha hududlarning hokimlari hisoblanadi. Hokimlar uchun esa Mahalliy Kengash qarori asosida ish tashkil etish emas, balki yuqoridan kelgan topshiriq ijrosini ta`minlash muhimroq hisoblanadi. Shunday ekan, farzandlarimiz hayoti, sog`lig`iga oid muhim qarorni aslida hech qanday vakolati, ta`sir kuchi yo`q Mahalliy Kengashlar hal qiladi deb kimni aldayapsiz, janob vazir? O`zingiznimi yo jamoatchiliknimi?

Menga bu ko`proq Xalq ta`limi vazirligi tomonidan mas`uliyatdan qochish, ehtimoliy xatoni oldindan sug`urtalash uchun o`ylab topilgan bir taktikadek tuyulmoqda. Chunki bugungi noaniq epidemiologik vaziyatda o`quv yilini an`anaviy shaklda boshlash nihoyatda xavfli (riskli) qaror ekanligi hamda katta ehtimol bilan bu qaror o`zini oqlamasligini taxmin qilish qiyin emas.

Shu bois, Xalq ta`limi vazirligi aqlli “yurish” qilib, mas`uliyatni o`z zimmasidan soqid qilib, uni Mahalliy Kengash deputatlari zimmasiga yuklashni ma`qul ko`rmoqda.

Umuman olganda, oxirgi paytlarda go`yoki Mahalliy Kengashlar vakolatini oshirish fonida aholi e`tirozlariga eng ko`p sabab bo`ladigan muammoli masalalar bo`yicha qaror qabul qilish (masalan, er uchastkalarini olib qo`yish, mahalliy budjetni tasdiqlash) vakolatini “qog`ozda” Mahalliy Kengashlarga berish tendensiyasi kuzatilmoqda. Garchi bu o`zgarishlar demokratik jihatdan to`g`ri qadam bo`lsa-da, lekin amaliyotda bu muammolarni echilishidan ko`ra, ularni battar gazzaklab ketishiga xizmat qiladi, xolos. Toki hokimlar bir paytni o`zida Mahalliy Kengash raisi vazifasini bajarish amaliyotiga chek qo`yilmas hamda ularga ijro hokimiyati organlari vakillari bo`lmagan nomzodlar saylanmas ekan, Mahalliy Kengash vakolatlarini oshirish bo`yicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar faqat quruq, balandparvoz gap bo`lib qolaveradi.

Maktablar ochilishiga qaytadigan bo`lsam, menimcha, epidemiologik vaziyat yuqori cho`qqisiga chiqqan yoki chiqib kelayotgan hududlar (hozirda asosan vodiy viloyatlari)da bu qaror biroz kechiktirilishi, hech bo`lmasa ushbu hududlarning markaziy, katta shaharlarida maktablar faoliyati hozircha yo`lga qo`yilmay turishi kerak.

Chunki koronavirus va pnevmoniya infeksiyasi bilan kasallanish keskin oshib borayotgan bir paytda, farzandlarimiz hayotini yoki ular infeksiya tashuvchi sifatida yoshi katta, hamroh kasalliklari bor oila a`zolarining hayotini xavf ostiga qoldirish ehtimoli maktablarni shoshib ochishga arzimaydi" deydi deputat.

    Boshqa yangiliklar