Cog`liqni saqlash vazirligi o`quv-tarbiya muassasalari bo`yicha bosh mutaxassis, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova bilan suhbatni e`lon qildi.
– Shu kunlarda farzandlarini maktabga yuborayotgan ota-onalarga qanday tavsiyalar bergan bo`lardingiz?
– Ota-onalar, avvalo, farzandini maktabga yuborishdan oldin ularning sog`ligiga va ruhiy holatiga, albatta, e`tibor berishlari kerak. Shu o`rinda psixologlar tarafidan bunday uzoq karantindan chiqish uchun vaqt (kamida uch hafta) talab etilishini inobatga olib, sizdan bolaning hissiy holatiga e`tibor berishingizni so`raladi.
Farzandingizda o`tgan vaqt davomidagi o`zlashtira olmagan bilimlariga etib olishi uchun paydo bo`lishi mumkin bo`lgan stressni engishga ko`maklashish kerak. Karantin ta`tilidan keyin bola maktabda yomon baholar olishi mumkin. Bunday holatda unga tanbeh bermaslikka harakat qiling.
Doimiy tanbehlar sabab o`g`lingiz yoki qizingizning o`ziga, kuchli tomonlariga bo`lgan ishonchini yo`qotishiga yo`l qo`ymang. Farzandingizning sog`lig`ini kuzatib boring va agar unda kasallik belgilari (yuqori tana harorati, hansirash, yo`tal, hid va ta`m sezmaslik, qorinda og`riq, ich ketishi) paydo bo`lsa, uni ta`lim muassasasiga yubormang.
Shuningdek, farzandlaringizga quyidagi gigiena qoidalarini o`rgating:
- qo`llarini sovun va toza suv bilan tez-tez yuvib turish;
- sovun va suv bo`lmasa, qo`llar uchun spirt asosidagi dezinfeksiya vositasidan foydalanish (spirt miqdori kamida 60 foiz bo`lishi kerak);
- faqat toza ichimlik suvidan foydalanish;
- jamoat hojatxonalari hamda uy hojatxonalarining tozaligiga e`tibor berish va foydalanish tartibiga rioya qilishni;
- chiqindilarni xavfsiz hamda to`g`ri yig`ish, saqlash va utilizasiya qilish ko`nikmalari;
- nafas olish gigienasiga rioya qilish: yo`tal va aksirganda og`iz-burunni mato yoki tirsak yordamida to`sish;
- kaft bilan yuzga, ko`zlarga, og`iz va burunga tegmaslik.
Bundan tashqari, farzandlaringizning bir-biriga e`tiborli bo`lishga o`rgating, ular o`rtasidagi o`zaro kelishmovchilikning oldini olish choralarini ko`ring.
Ta`lim muassasasi ma`muriyati va pedagoglari bilan ma`lumot almashinish maqsadida doimiy muloqotda bo`lib, maktab xavfsizligini ta`minlash borasidagi sa`y-harakatlar bilan tanishib, qo`llab-quvvatlashga harakat qiling.
– Turli infeksiyalar avj oladigan kuz faslida o`quvchilar nimalarga amal qilishlari lozim?
– Darhaqiqat, kuz faslida o`tkir virusli infeksiyalar avj oladi. Bu paytda o`quvchilar turli infeksiyalar yuqishining oldini olish va kasal bo`lib qolgan paytida esa, boshqalarni gripp, koronavirus infeksiyasi va boshqa o`tkir respirator virusli infeksiyalardan himoya qilish uchun respirator gigiena qoidalariga amal qilishi kerak. Ya`ni, qo`llarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuvish, spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan yoki uy hayvoni oldidan kelgach qo`llarni yuvish lozim. Yuzni qo`l bilan ko`p ushlamaslik kerak.
Ko`p odam yig`iladigan joylarga borishni imkon qadar kamaytirish lozim.
Yo`talganda, burun qoqqanda va aksirganda og`iz bilan burunga bukilgan tirsak, eng yoki salfetkani tuting. Undan keyin salfetkani darhol axlat idishiga tashlang va qo`lingizni yuvishni unutmang.
Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin aloqada bo`lishdan cheklang.
Bolada kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qolishi va darhol shifokorga murojaat qilishi lozim. Ushbu kasalliklarning qo`zg`atuvchilari juda yuqumli bo`lib, asosan, havo tomchilari orqali yuqadi. Shu sababli sinfxonalarni, albatta, tez-tez shamollatish zarur hisoblanadi.