“Ajal jodusi” filmi bugungi kunda juda ko`p muhokamalarga sabab bo`lgan film bo`ldi. Har bir aktyorning o`z o`rnida tanlanganligi, real voqealarga asoslanganligi, g`oyaviy jihatdan butunligi filmning muvaffaqiyatini ta`minladi. Barcha filmlari muvaffaqiyatli qabul qilinayotgan rejissyor Hilol Nasimovni suhbatga tortdik.
- Kichik o`g`lingiz Fotih Nasimov “Ajal jodusi” filmida aktyorlik mahoratini juda yaxshi namoyon qila oldi. Uni filmlaringizdagi ishtiroki boshqa rejissyorlar tomonidan rol berilmasligiga olib kelishidan qo`rqmaysizmi? Nazarimizda, boshqa rejissyorlar uning mahoratini payqamay qolayotgandek…
- Boshqa rejissyorlardan ham taklif tushyapti. Misol uchun, “Shunqorlar” filmida rol ijro qildi. Ayub Shahobiddinovning filmida Muhammad Yusufning bolaligini gavdalantirdi. Hozir o`qish jarayoni, institutga kirdi shu sababli undan ko`proq o`qish va bilim olishini talab qilyapman. "Ajal jodusi"da aka obrazini yaratgan katta o`g`limning ham ijro mahoratini juda yaxshi baholashdi. U ham o`z zimmasiga yuklangan vazifani ado qildi, nazarimda. Filmda kichik o`g`limga kattaroq vazifa topshirilgan edi. O`sha poezd tanburida otasining jasadini o`g`irlab ketganlaridagi holatni o`zim ham hozirgacha unuta olmayapman.
- Filmga tayyorgalik jarayoniga qancha vaqt ketdi?
- Tayyorgarlik jarayoniga 1 yildan ortiq vaqt ketdi. Film MXX to`plagan hujjatlarga asosan ishlangan. Hattoki ushbu holatlar bo`yicha hayotiy prototiplarini o`z ko`zim bilan ko`rib, o`rganish uchun Namanganning Pop shahrida, Chirchiqda saqlanayotgan maxbuslar koloniyasida bo`ldim. Ular bilan shaxsan suhbatlashib ssenariyning hayotliligini ta`minlashga urundim.
- Tasvirga olish ishlari qancha davom etdi?
- Ikki oydan ortiq vaqt ketdi.
- Film byudjeti, aktyorlarga to`lanadigan gonararlaringizni oshkor qila olasizmi?
- Yo`q. Film davlat buyurtmasi asosida ishlanganligi uchun birorta aktyor menga mana shuncha pul berasiz degani yo`q. Eng katta roldan eng kichigigacha barcha rollarni aktyorlarimiz bajonidil ijro qilishdi. Bu aktyorlarimizning vatanparvarlik tuyg`usi borligidan, vatanimiz uchun kerak bo`lgan filmlarda ishtirok etishga hayrixohligidan dalolat. Film byudjeti “O`zbekkino” milliy agentligi tomonidan belgilangan smetadan iborat bo`ldi. Boshqa birorta homiy jalb qilingani yo`q.
- Nima sababdan film katta ekranlarda hech qancha muddat namoyish etilmasdan televidenie orqali namoyish etildi?
- Film premerasi kuniyoq kinoteatrlarning barcha zallari to`ldi. Undan keyingi kunlarda ham odamlar bir-biridan eshitib kelganliklariga ham guvoh bo`ldik. Biz avval odamlar engil-elpi kinolarga kirishadi derdik, yo`q odamlar real voqealarga asoslangan, kelajak haqida o`ylantiradigan filmlarga kirishayotganini guvohi bo`ldik. Telekanallar orqali filmni namoyish qilishimizga sabab esa mutasaddi idoralarimiz tomonidan hozirgi vaziyat murakkab zamonda uni chekka hududlardagi kinotaetrlarga borish imkoniyati bo`lmagan yurtdoshlarimiz ham ko`rishi zarur deb topilgani bo`ldi. Bu qaror qanchalik to`g`ri bo`lganligini odamlar orasidagi muhokamalardan bilish mumkin.





