Bugun, 12 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqda “GAI xodimi haydovchining soqol o`stirganiga e`tiroz bildirdi” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.
IIV YHXBB Axborot xizmati holat yuzasidan o`rganish olib borilganini ma`lum qildi.
Video lavhadagi holat o`rganilganda, joriy yilning 5 sentyabr kuni soat 09:30 larda, Navoiy shahar, I.Karimov ko`chasida xizmat olib borayotgan Navoiy viloyati IIB YHXB inspektori O`.Halimov “Spark” rusumli 85 581 TTD davlat raqam belgili avtomobil haydovchisiga to`xtash ishorasini bergan.
O`zaro muloqot vaqtida YPX inspektori haydovchining soqol o`stirganlik holatiga e`tiroz bildirgan. Xodimning ushbu e`tirozlarini haydovchi shaxsiy uyali aloqa vositasi orqali video tasvirga olgan. Video tasvir ijtimoiy tarmoqda tarqalgan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda. Tekshiruv xulosasi bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi, deyiladi xabarda.






