Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berishicha, Mudofaa vazirligiga qarashli «Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari 16 sentyabr kuni bo`lib o`tadi.
Joriy yilgi imtihonlar koronavirus pandemiyasi sabab abiturientlarning xavfsizligini ta`minlash maqsadida stadion va sport majmualarida o`tkazilishi belgilangan. Xususan, «Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan bo`lgan abiturientlar uchun poytaxtimizdagi «Ashxobod sayilgohi»da o`tkaziladi.
Imtihonlar ikki smenada — soat 08:00 va 16:00 da bo`lib o`tadi.
Bundan tashqari, abiturientlarga qulaylik yaratish maqsadida imtihonlar har bir nomzodning o`z viloyatida o`tkaziladi. Quyida «Temurbeklar maktabi» uchun har bir viloyatida o`tkaziladigan imtihon manzillari keltirilgan:
- Qoraqalpog`iston Respublikasi — «Turon» markaziy stadionida;
- Andijon — Sportning o`yin turlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktabi asosiy stadioni 1A-bino;
- Namangan — «Navbahor-umid» stadioni;
- Farg`ona — Farg`ona davlat universiteti stadioni;
- Buxoro — «Buxoro» sport majmuasi stadioni;
- Xorazm — «Xorazm» sport majmuasi;
- Surxondaryo — Termiz ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati futbol maydoni;
- Qashqadaryo — «Nasaf» futbol klubi mashg`ulotlar maydoni;
- Jizzax — «So`g`diyona» markaziy o`yingohi futbol maydoni;
- Navoiy — «Kimyogar» o`yingohi;
- Sirdaryo — Guliston shahri markaziy o`yingohi;
- Samarqand — «Lokomotiv» futbol stadioni hamda «Nurafshon» futbol stadionida o`tkaziladi.
«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalariga o`qishga kirishda test sinovlarida to`plagan ballarining 30 foizi, respublikaning boshqa oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirishda esa 15 foizi miqdorida qo`shimcha ballar ko`rinishida imtiyozga ega bo`ladi.
«Temurbeklar maktabi»ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar tarkibida ushbu maktab bo`lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo`yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o`tash natijalari bo`yicha kiradi.






