Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O`zXDP fraksiyasi a`zosi Maqsuda Vorisova karantin davrida maktablar faoliyati borasida o`z fikrlarini bayon etdi.
"Bugun, menimcha, har bir oilada muhokama qilinayotgan eng dolzarb masala maktab va maktabgacha ta`lim muassasalarining qayta faoliyat boshlashi va u joyda bolalarning xavfsizligi bilan bog`liq bo`lmoqda.
Yarim yildan beri bolalarimiz makablarga bormayapti, bu ularning hayot tarzi, dunyoqarashi, aqliy rivojlanishiga o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. Onlayn darslar tashkil qilingan vaqtda ba`zi ota-onalar o`z bolasiga yangi mavzuni tushuntirish, uning behisob savollariga javob topishga qiynalgan bo`lsa, ba`zi birlari, ayniqsa, qishloq joylarda onlayn dars olish imkon yo`qligi (elektr ta`minotidagi uzilishlar yoki internet tarmog`idagi nosozliklar, ba`zida internetning umuman yo`qligi) dan aziyat chekishdi.
Maktablarning karantin talablariga tayyorligi darajasiga qarab, ularda 14 sentyabrdan an`anaviy tartibda o`qish boshlanishi rejalashtirilgan. Bu o`ta jiddiy va mas`uliyatli masala. Shu sabab Xalq demokratik partiyasi deputatlari va faollari tomonidan joylardagi maktablar qarantin sharoitida o`qishni tashkil qilishga qay darajada tayyorligi ko`rib chiqildi.
Olingan natijalar esa qoniqarli emas. Masalan, Andijon viloyati bo`yicha 32 ming 860 nafar (76 %) pedagoglar COVID-19 virusini aniqlash bo`yicha PZR testlarini topshirgan bo`lib, shundan 22 ming 375 nafaridan (52%) olingan test sinamalari laboratoriya sharoitida tekshirilib, natijalari olingan. Vaholanki, test sinamasining manfiy ko`rsatkichisiz o`qituvchini darsga qo`yish mumkin emas.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan 764 maktab uchun 20996 litr antiseptik tayyorlandi, deb ma`lumot berildi. Agar har bir maktabga 27 litr atrofida antseptik modda to`g`ri kelishini hisobga olsak, bu qancha kunga etadi?.. Umuman, maktab hajmi, o`quvchilar soni asosida zarur bo`ladigan antiseptik modda va dezinfeksion moddalar ehtiyoji hisoblab chiqilganmi?..
Buxoro viloyati Kogon shahar 17–son ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabini yangi o`quv yiliga tayyorlash uchun mahalliy hokimlik mablag` ajratmagan. Aniseptik vositalar o`qituvchilar tomonidan olingan.
Kogon shahridagi 9-umumtalim maktabida ko`rilgan sinf xonasida 1 ta antiseptik vosita, 1 o`ram nam salfetka va 3-4 dona niqob tayyorlab qo`yilgan. Jizzax viloyati Zarbdor tumanida 32 ta maktab mavjud bo`lib, shu vaqtgacha bironta maktab dezinfeksiya va harorat o`lchov vositalari bilan ta`minlanmagan.
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 7-umumiy o`rta ta`lim maktabida 700 nafar o`quvchi 7-sentyabrdan o`qimoqda. Maktabda 1 dona harorat o`lchagich bor ekan. Tumandagi 48-49-umumiy o`rta ta`lim maktablari ichimlik suvi bilan ta`minlanmagan. Maktablarga kirish xonalarida qo`l yuvish jihozlari mavjud emas.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 4985 nafar o`qituvchining 897 nafari (18 foiz), Uzun tumanidagi 2836 nafar o`qituvchining 254 nafari (8.9 foiz) koronavirusga test topshirgan. Termiz tumanidagi 3, 30 va 33- maktablarda toza ichimlik suvi uchun katta hajmdagi suv idishlari mavjdud emas. Boysun, Sherobod, Qiziriq, Muzrabot, Bandixon tumanlaridagi chekka hududlardagi maktablariga toza ichimlik suvi tashib keltiriladi. Oltinsoy tumanidagi 69 ta umumta`lim maktablari toza ichimlik suvi bilan ta`minlanmagan.
Farg`ona viloyati Toshloq tumanidagi 3, 8, 28-umumta`lim maktablari toza ichimlik suvi bilan ta`minlanmagan, o`quvchi soni ko`p bo`lgan 1, 5, 8-umumta`lim maktablarida sinf xonalarda masofa saqlash masalasida muammolar mavjud.
Qashqadaryo viloyati G`uzor tumanida o`rganilgan 9, 14, 15, 16, 17, 33, 34, 44, 50, 51, 52, 54, 60, 61, 70 va 79- maktablar ichimlik suvi bilan ta`minlanmagan. Muborak tumanidagi maktab o`qituvchilarikoronavirusgatest topshirgan, 10 sentyabr kuniga 67 nafar o`qituvchida koronavirus aniklangan.
Bu kabi ma`lumotlar shu kunlarda har bir viloyatdan olindi. Bu surat shu bu yil o`qish boshlangan maktabda olingan. Ko`chadaharikki metrga chiziq tortib bolalarni sinfga kiritganimiz nima-yu, bir partaga o`tkazib qo`yganimiz nima, qanday ijtimoiy masofa haqida gapirish mumkin? Darslar oralig`ida tanaffuslar bo`ladimi, yo`qmi? Agar tanaffus bo`lsa, maktab yo`laklarida qanday tartib bo`ladi, bo`lmasa bolani o`quv kuni davomida bir xonada ushlab o`tirishning iloji bormi va bu uning salomatligiga qanday ta`sir qiladi?..
Qabul qilingan ko`rsatmada maktab vrachi va hamshirasi har kuni tibbiy filtr tashkil etadi, deb ko`rsatilgan. Shu ko`rsatmani tasdiqlagan mutasaddilar respublikamizning necha foiz maktabi vrach va hamshira bilan ta`minlanganligi haqida ma`lumot bilan qiziqib ko`rdilarmi?..
Yana buning ustiga yuzaga kelishi aniq bo`lgan savolga javoban hududiy tibbiy muassasadan vrach va hamshira biriktiriladi, deb qo`shib qo`yilgan. Barcha hududda poliklinika va QVP tizimida vrachlar etishmasligi hammaga ma`lum-ku!.. Yana bechora patronaj hamshirasi balogardon bo`ladimi?..
O`ziga yuklatilgan vazifalar ko`pligidan ulgura olmayotgan, natijada aholidan ham, rahbarlaridan ham dakki eshitayotgan hamshiralarga Mehnat kodeksi qoidalari taalluqli emasmi?.. Maktabda o`quv jarayoni boshlangach, albatta bu soha deyarli har kuni nazorat qilinadi, kamchilik uchun yana tibbiy xodimlar aybdor topilib, emagan somsalariga 700-800 ming so`mlik maoshlaridan jarima to`lashlariga to`g`ri kelishi aniq.
Bir necha yillardan beri hal bo`lmayotgan maktab hamshirasi muammosi bo`yicha agar hamshira ish shtati maktab shtatlar jadvaliga o`quvchi soniga qarab emas, balki har bir ta`lim muassasasiga kamida bitta deb kiritilsa, uslubiy nazorat sog`liqni saqlash tizimiga yuklansa, hal bo`lar edi.
Yuqoridagi misollardan xulosaga keldikki, bolalar salomatligini saqlash masalasida shoshma-shosharlikka aslo yo`l qo`yib bo`lmaydi" deydi u.






