AsosiyJamiyat

DTM yo`l qo`yilgan xatoliklar uchun abiturientlar va ota-onalardan uzr so`radi

'DTM yo`l qo`yilgan xatoliklar uchun abiturientlar va ota-onalardan uzr so`radi'ning rasmi

Davlat test markazi internetda test natijalari xato hisoblangan yoki test sinovlarida nohaqlikka yo`l qo`yilgan, degan mazmundagi postlar va videomurojaatlar e`lon qilinayotgani yuzasidan tushuntirish berdi.

«Mazkur holatlar Davlat test markazi tomonidan o`rganib chiqildi. Holat bo`yicha shuni ma`lum qilamizki, 11 sentyabr kuni test sinovlari natijalarini e`lon qilishda texnik xatolikka yo`l qo`yilgan. Xatolik ijtimoiy tarmoqlarda yozilgani kabi test natijalarini hisoblashda emas, balki ularni e`lon qilishda kuzatilgan.

Test natijalaridagi texnik xatolik Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qo`qon shahrida 10 sentyabr kuni 1-smenada o`tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan ayrim abiturientlarda yuzaga kelgan. Mazkur holat aniqlanishi bilan xatolikni tuzatish ishlari boshlab yuborilgan.

Hozirda mazkur texnik xatolik tuzatilib, test natijalari xato e`lon qilingan abiturientlarning natijalari yangilandi.

Mazkur abiturientlar shaxsiy kabinetlari orqali yangilangan test natijalarini qayta ko`rishlari mumkin.

Davlat test markazi yo`l qo`yilgan xatolik uchun abiturientlardan va ularning ota-onalaridan uzr so`raydi», – deyiladi DTM izohida.

Shuningdek, Davlat test markazi test sinovlarini shaffof va adolatli o`tishiga hissa qo`shayotgan blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorlik bildirgan.

    Boshqa yangiliklar