AsosiyJamiyat

Bugundan "O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida"gi Qonun kuchga kirdi

'Bugundan "O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida"gi Qonun kuchga kirdi'ning rasmi

Qonunchilik palatasi tomonidan shu yil 18 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 28 fevralda ma`qullangan va Prezident tomonidan 13 mart kuni imzolangan «O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida»gi qonun kuchga kirdi.

Prezident 13 mart kuni «O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida»gi qonunni imzolagandi. Mazkur qonunning 58-moddasiga ko`ra, u rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 6 oy o`tgach kuchga kirishi belgilangan. Qonun qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida 2020 yil 14 mart kuni e`lon qilingan.

Qonunning avvalgi tahriridan jiddiy farq qiluvchi jihatlaridan biri – O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublik masalasidir. Unga ko`ra:

– 1992 yil 28 iyul holatiga ko`ra O`zbekiston Respublikasida doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi bo`lmagan va O`zbekiston Respublikasining fuqarosi bo`lish istagini bildirgan shaxs;

– O`zbekiston hududida yashagan va 1992 yil 28 iyulga qadar o`qish uchun O`zbekistondan tashqariga chiqib ketgan hamda uzluksiz ravishda ta`lim olgan yoxud harbiy xizmatni o`tagan va o`qish yoki harbiy xizmat tugaganidan keyin bir yil ichida O`zbekistonga qaytib kelgan hamda O`zbekiston Respublikasida doimiy propiskadan o`tgan shaxs, basharti uning chet davlat fuqaroligi mavjud bo`lmasa O`zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.

Shuningdek, qonunda fuqaroligi bo`lmagan shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olishga doir qoidalar belgilangan.

Jumladan, 6-moddaga ko`ra, 1995 yil 1 yanvarga kadar O`zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o`tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirguniga kadar fuqaroligi bo`lmagan shaxsga O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O`zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Bundan tashqari, ota-onasi (yolg`iz otasi yoki onasi) O`zbekiston Respublikasining fuqarolari deb tan olingan bola ham yuqoridagi asoslarga ko`ra O`zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Shuningdek, qonunga yangi vatandosh tushunchasi kiritilib, unga ko`ra O`zbekiston hududida tug`ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, O`zbekiston fuqaroligiga ega bo`lmagan, O`zbekiston hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi bo`yicha to`g`ri tutashgan o`zidan keyingi qarindoshlari, basharti, agar ularning nasl-nasab shajarasi bo`yicha to`g`ri tutashgan o`zidan oldingi qarindoshlari O`zbekiston hududida yashayotgan bo`lsa, ular vatandosh deb yuritilishi belgilandi.

Fuqaroligi bo`lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan O`zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Unga ko`ra, vatandoshga nisbatan tirikchilikning qonuniy manbayiga ega bo`lsa, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga rioya etish majburiyatini o`z zimmasiga olsa yoki davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa, O`zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi.

    Boshqa yangiliklar