Qashqadaryo viloyatiga AQSh va Kanadadagi vatandoshlarimiz tomonidan muruvvat yordami sifatida yuborilgan 200 ta kislorod konsentratori hamda 100 ta pulsoksimetr keltirildi, deya xabar bermoqda viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.
Mazkur tibbiy uskunalar viloyatdagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalariga, Qarshi shahri hamda G`uzordagi taqsimlash markazlariga tarqatildi.
-O`zbekiston Respublikasining Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi tomonidan joriy yilning aprel oyidan buyon AQSh va Kanadadagi vatandoshlar ishtirokida “Biz O`zbekistonga befarq emasmiz” shiori ostida xayriya tadbiri o`tkazib kelinmoqda, - deydi AQShdagi “Givi to get international” xalqaro jamg`armasining O`zbekistondagi vakili Murodjon Qodirov. – Maqsad – yurtimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashda O`zbekiston hukumatiga ko`mak uchun mablag` to`plash. Mana shu mablag` hisobidan Xitoydan kislorod konsentratorlari va pulsoksimetr keltirilib, Qashqadaryo va Surxondaryodagi koronavirus bilan zararlangan bemorlar davolanayotgan shifoxonalarga tarqatilmoqda.
-Bugun viloyatdagi ko`pgina tibbiyot muassasalari qatorida biz ham xorijdagi oliyhimmat vatandoshlarimiz tomonidan muruvvat yordami sifatida yuborilgan tibbiy uskunalarni qabul qilib oldik, - deydi Koson tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Ilhom Karomov. – Bu uskunalar bemorlarimizni kislorod bilan ta`minlashda, ularning saturasiyasi hamda pulslarini tezkor va ishonchli aniqlashda o`ta muhim ahamiyat kasb etadi. Homiylardan minnatdormiz.
Tibbiy uskunalarni tarqatishga bag`ishlangan tadbirda viloyat hokimining o`rinbosari Oybek Shagazatov ishtirok etdi.






