AsosiyJamiyat

Transport vazirligi: Charter reyslardagi chiptalar bahosi, tiklanayotgan aviaqatnovlar haqida

'Transport vazirligi: Charter reyslardagi chiptalar bahosi, tiklanayotgan aviaqatnovlar haqida'ning rasmi

O`zbekistondagi epidemiologik vaziyat kelib chiqqan holda Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yil 15 avgustdan boshlab iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini ta`minlash, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida karantin cheklovlari yumshatilmoqda. 

Shu munosabat bilan ayrim faoliyat turlarini maxsus talablarga rioya etgan holda qayta tiklashga ruxsat etildi. Xususan, transport qatnovlari ham shular jumlasidandir. Hozirgi kunda yurtimiz bo`ylab jamoat transporti, shaharlararo avtobuslar harakati tiklandi. Mahalliy yo`nalishlarda poezdlar va aviqatnovlarni tiklash jarayonlari esa davom etmoqda.

Shu bilan birga bugungi kunda eng dolzarb va ko`pchilikni qiziqtirayotgan masala xalqaro qatnovlarni tiklash bo`yicha xorijiy mamlakatlarning tegishli vazirlik va idoralari bilan muzokaralar o`tkazilib, qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash bo`yicha zarur choralar ko`rilmoqda. Jumladan, 2020 yil 24 avgust kuni Turkiya aviasiya ma`muriyati bilan xalqaro muntazam yo`lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo`yicha onlayn-muzokaralar o`tkazildi. Muzokaralar yakuniga ko`ra «Uzbekistan Airways» va «Turkish Airlines» aviakompaniyalariga 2020 yil sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Istanbul–Toshkent yo`nalishida muntazam parvozlarni qayta tiklash bo`yicha kelishuvga erishildi. 

Birlashgan Arab Amirliklari aviasiya ma`muriyatlari bilan xalqaro muntazam yo`lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo`yicha o`tkazilgan muzokaralar natijasi o`laroq «Uzbekistan Airways» va «FlyDubai» aviakompaniyalariga 2020 yil sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Dubay–Toshkent yo`nalishida muntazam parvozlarni bajarish bo`yicha kelishuvga erishildi. 

Belarus aviasiya ma`muriyati bilan olib borilgan muzokaralar yakuniga ko`ra esa «Uzbekistan Airways» va «Belavia» aviakompaniyalariga sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Minsk–Toshkent yo`nalishida muntazam parvozlarni bajarish huquqi berildi. 

Shuningdek, Qozog`iston aviasiya ma`muriyatlari olib borilgan muzokaralar yakuniga ko`ra «Uzbekistan Airways» va «Air Astana» aviakompaniyalariga sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Olmaota–Toshkent yo`nalishida muntazam parvozlarni bajarishni boshlash bo`yicha kelishuvlarga erishildi.   

Transport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda olib borilgan muzokaralar natijalari ko`ra bugungi kunda Toshkent–Istanbul–Toshkent, Toshkent–Dubay–Toshkent, Toshkent–Minsk–Toshkent, Toshkent–Olmaota–Toshkent yo`nalishlarida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish jarayoni boshlandi. Ayni damda boshqa davlatlar bilan ham muntazam aviaqatnovlarni qayta yo`lga qo`yish masalasida muzokaralar olib borilmoqda.

Hali muntazam aviaqatnovlar tiklanmagan yo`nalishlarda esa xorijdagi mamlakatimiz fuqarolarini Vatanga qaytarish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq charter repatriasiya reyslari tashkil etilmoqda.

Biroq so`nggi vaqtlarda mavjud vaziyatdan mutlaqo bexabar bo`lgan ayrim OAV tomonidan muntazam aviaqatnovlarning ayrim davlatlarga qayta yo`lga qo`yilgani, boshqa davlatlarga, xususan, Rossiya Federasiyasiga esa ataylab qayta tiklanmayotgani, buning ortida esa ayrim manfaatdor guruhlar turgani to`g`risidagi mutlaqo asossiz xabarlar tarqatilmoqda. Bu esa o`z navbatida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lyapti. 

Transport vazirligi mazkur masala yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi.

Bugungi kunda mamlkatimiz fuqarolari eng ko`p to`planib qolgan Rossiya Federasiyasiga muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan mamlakatning aviasiya ma`muriyati va transport vazirligi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Rossiya tomoniga muntazam yo`lovchi parvozlarini qayta tiklash bo`yicha yo`nalish marshrutlari va parvozlar soni to`g`risidagi ma`lumotlar rasmiy ravishda taqdim etilgan. Ikki davlat o`rtasida muntazam avia qatnovlarni tiklash masalasi hozirda mamlakat Operativ shtabi tomonidan ko`rib chiqilmoqda.

Shu bilan birga o`tkazilgan mazkur muzokaralar davomida O`zbekiston fuqarolarini imkon qadar tezroq vatanga qaytarish maqsadida Rossiya Federasiyaisga amalga oshirilayotgan charter repatriasiya reyslari sonini ko`paytirish bo`yicha kelishuvga erishildi. 9 sentyabr kunidan e`tiboran Moskva–Toshkent yo`nalishida kuniga ikki marotaba, Sankt-Peterburg–Toshkent yo`nalishida esa kuniga bir marotabadan charter repatriasiya reyslari bajarilmoqda.

Shu bilan birga bugungi kunda Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 7 iyuldagi 33-son bayoniga muvofiq karantin davrini mehmonxonalarda o`tkazish sharti bilan turoperatorlar yoki aviakompaniyalarning murojaatiga asosan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va O`zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo`lgan fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni olib kelish bo`yicha tijoriycharter qatnovlari ham amalga oshirilmoqda.

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijdagi fuqarolarni O`zbekistonga olib kelish maqsadida tashkil etilayotgan charter repatriasiya reyslari chiptalari judda qimmat narxlarda sotilayotgani yuzasidan turli xabarlar tarqalmoqda. Mazkur masala tahlil qilinganida esa bu kabi xabarlarni qoldirayotgan fuqarolar aslida aynan turoperatorlar tomonidan amalga oshirilayotgan tijoriycharter qatnovlarining chipta narxlari xususida fikr bildirayotgani oydinlashmoqda.

Shu o`rinda Transport vazirligi turoperatorlar va avikompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan tijoriy charter qatnovlarining Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq tashkil etilayotgan charter repatriasiya reyslarga aloqasi yo`q ekanligini yana bir bor eslatib o`tadi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi tomonidan Rossiya Federasiyasi shaharlariga amalga oshirilayotgan charter repatriasiya reyslari chipta narxlari Moskva–Toshkent 396 AQSh dollari, Ekaterinburg–Toshkent 373 AQSh dollari, Qozon–Toshkent 369 AQSh dollari, Sankt-Peterburg–Toshkent 492 AQSh, Novosibirsk–Toshkent 368 AQSh dollari, Rostov–Toshkent 368 AQSh dollari, Samara–Toshkent 381 AQSh dollari miqdorida bir tomonga realiasiya qilinmoqda. Mazkur charter repatriasiya reyslari Rossiya tomonining talablaridan kelib chiqqan holda bir tomonga (Rossiya Federasiyasiga) yo`lovchilarsiz bajarilmoqda.

Turoperatorlar tomonidan bajarilayotgan tijoriy charter qatnovlari chipta narxlari haqiqatdan ham charter repatriasiya reyslariga nisbatan qimmat. Mazkur tijoriy charter qatnovlari chipta narxlarining qimmatligi aynan qaysi omillar bilan bog`liqligi yuzasidan bir necha bor ma`lumot berilgan.

Boshqa yangiliklar