Qashqadaryo viloyatida Sanitariya-epidemologik osoyishtalik markazining maxsus laboratoriyasida 201 319 nafar fuqarodan olingan tahlil natijalari ko`rib chiqildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat SEOM axborot xizmati xabar berdi.
Shu qatorida umumta`lim maktablarida 2020-2021 o`quv yilini karantin qoidalari va talablari asosida tashkil etish maqsadida barcha pedagog xodimlar koronavirusga tekshirilmoqda.
Qashqadaryoda 1151 ta umumta`lim maktablari mavjud bo`lib, ularda 55 562 nafar o`qituvchi va boshqa xodimlari faoliyat ko`rsatib keladi.
Shu kunga qadar Qashqadaryo viloyat SEOM va uning shahar va tuman markazlari orqali 32 892 nafar pedagog xodimlardan virus tahlillari olib o`rganildi.
Laboratoriya tekshiruvidan o`tgan 855 nafar xodim virus yuqtirganlikda gumonlanib, dastlabki xulosalar berildi.
Ularda koronavirus alomatlari mavjud emasligini alohida ta`kidlash zarur. Shunday bo`lsa-da, ular zaruriy dori darmon, tibbiy vositalar bilan ta`minlanib, shifokorlar tomonidan kuzatuvga olingan.
Ma`lumot o`rnida, ayni paytda Qashqadaryoda virusni yuqtirib olgan 958 nafar bemor davolanib, sog`ayganlarning umumiy ko`rsatgichi 93 foizni tashkil qilmoqda.