Ijtimoiy tarmoqda joriy yilning 15 sentyabr kuni “Axir, qonun bo`yicha yangi avtomobil 2 yildan so`ng texnik ko`rikdan o`tadi-ku!” sarlavhasi ostidagi xabar tarqaldi.
Ushbu xabarda, Namangan viloyati YHXB RO` va IOBda yangi transport vositasi uchun ham texnik ko`rik majburiy qilib qo`yilgani, 90.000 so`m to`lab, texnik ko`rikdan o`tkazib kelinmasa avtomobil uchun qayd etish guvohnomasi berilmayotganligi bayon etilgan.
Holat yuzasidan YHXBB munosabat bildirdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2003 yil 31 yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik ko`rikdan o`tkazish tartibi to`g`risida nizom”ning 5-bandiga ko`ra, transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik ko`rikdan o`tkazilishi kerak:
a) tijorat asosida yo`lovchilar tashish uchun foydalaniladigan engil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o`tiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq bo`lgan (haydovchining o`rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og`ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar - bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan ko`p bo`lmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning «a» kichik bandida ko`rsatilgan transport vositalaridan tashqari) - ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq bo`lgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning «a» kichik bandida ko`rsatilgan transport vositalaridan tashqari) - bir yilda bir marta;
g) tirkamalar ko`rikka transport vositasi - shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
d) navbatdagi texnik ko`rikdan o`tkazishning ilgari o`rnatilgan muddatlaridan qat`i nazar, ularni DYHXX organlarida ro`yxatdan o`tkazish (qayta ro`yxatdan o`tkazish) vaqtida;
e) ular ishlab chiqarilgan yildan qat`i nazar, DYHXX organlarida ro`yxatdan o`tkazilgan (qayta ro`yxatdan o`tkazilgan) kundan boshlab bir yil o`tgach (mazkur bandning «a» kichik bandida ko`rsatilgan holatlar bundan mustasno).
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2017 yil 22 dekabrdagi 1010-son qaroriga ilova qilingan «O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Transport vositalarini majburiy texnik ko`rikdan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2003 yil 31 yanvardagi 54-son qaroriga kiritilayotgan o`zgartirish va qo`shimchalar”ning 136-bandiga ko`ra, sub`ektning transport vositasi texnik holatini tekshirish xizmatlari uchun mazkur xizmatni ko`rsatadigan sub`ekt tomonidan tasdiqlangan, biroq Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari bilan kelishgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan oshmaydigan tariflar bo`yicha haq to`lanadi.