Departament organlari tomonidan oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kiritib qo`ymoqchi bo`lgan firibgarlarning faoliyati fosh etilmoqda. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Oltinko`l tumani ixtisoslashtirilgan maktab internati jismoniy tarbiya fani o`qituvchisi G`.D. OTMlariga bo`layotgan imtihon jarayonlarida abiturientlarning ishonchiga kirib, ularni o`qishga kiritib qo`yishga ishontirish orqali daromad orttirib qolish maqsadida, fuqaro G.M.ni Andijon davlat universitetining “Jismoniy tarbiya va sport” fakultetiga universitet rahbariyati orqali o`qishga kiritib qo`yishga ishontirib, evaziga undan 4 300 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Buvayda tuman bo`limi DXX va IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, tumandagi umumta`lim maktabi yoshlar etakchisi I.M. fuqaro M.B. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro A.ning qizini tanishlari orqali Namangan davlat universitetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 2 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.
Departamentning Uychi tuman bo`limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda esa, Namangan Davlat Universiteti o`qituvchisi A.S., fuqaro R.ni universitetning “Pedagogika va psixologiya” yo`nalishi bo`yicha tanishlari orqali o`qishga kiritib qo`yish evaziga 1 800 AQSh dollari berishni talab qilib, oldindan “Bo`nak” sifatida 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.