O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi №PQ- 4822 Qaroriga asosan Qurbanmurat Xolmuratovich Taparov Moliya vaziri o`rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar berdi.
Qurbanmurat Taparov 1978 yilda Qashqadaryo viloyati, G`uzor tumanida tug`ilgan, millati o`zbek. Ma`lumoti oliy, 1999 yilda Qarshi davlat universitetini, 2004 yilda O`zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va 2012 yilda Risumeykan Universitetlarini (Yaponiya) tamomlagan.
K.Taparov o`z faoliyatini 1999 yilda Qashqadaryo viloyati moliya boshqarmasining 1-toifali iqtisodchisi lavozimida boshlagan.
2003 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo`jaligi mahsulotlari hisob-kitobi jamg`armasining Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy etakchi inspektori sifatida, keyinachalik, ushbu boshqarmaning Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlarning tuzilishi va ijro etilishi ustidan nazorat olib borish bo`limi bosh iqtisodchisi, bo`limi boshlig`i o`rinbosari va bo`lim boshlig`i lavozimlarida ishlagan.
2017-2018 yillarda - Moliya vazirligi Hududlar moliyasi bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari va keyinchalik boshqarmasi boshlig`i bo`lgan.
2018 yildan boshlab O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ishlash sho``basi etakchi inspektori lavozimida ishlab kelgan.
Tayinlovga qadar, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi hokimiyat vakillik organlari va siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish sho``basi etakchi inspektori lavozimida samarali faoliyat yuritgan.






