Mo`ynoq aeroportida 30 yillik tanaffusdan so`ng samolyot qo`ndi

Jamiyat 17.09.2020, 08:39
Mo`ynoq aeroportida 30 yillik tanaffusdan so`ng samolyot qo`ndi

3-darajali «Mo`ynoq» aeroporti ta`mirlanishiga qadar faqat An-2, An-24 va Yak-40 kabi kichik samolyotlar hamda barcha turdagi vertolyotlarni qabul qilgan, deb yozmoqda yuz.uz

2019 yilda qariyb 30 yildan buyon foydalanilib kelinmayotgan, yillar davomida qarovsiz qolib, butunlay yaroqsiz holatga kelgan Mo`ynoq aeroportini qayta qurish ishlari boshlandi. Dastlab «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan aeroportning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyihaga asosan 167,4 gektar hududga ega aeroportda 2019 yilning dastlabki oylarida «O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyatining Kapital qurilish direksiyasi, «Qo`ng`irot mintaqaviy temir yo`l uzeli» unitar korxonasi hamda «Shuraxon qurilish montaj» mas`uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari va ishchi-xodimlari tomonidan 50 nafar yo`lovchiga mo`ljallangan «VIP» terminali qurilishi boshlandi.

Shuningdek, aeroport atrofini metall konstruksiyalar bilan o`rash ishlari ham olib borildi. Ushbu bunyodkorlik ishlariga qariyb 100 nafardan ortiq temiryo`lchilar hamda o`nga yaqin texnikalar jalb etildi. Mo`ynoq aeroportini yangitdan qurib, foydalanishga topshirish avvalo, ushbu tuman transport infrastrukturasini rivojlanishi uchun qolaversa, tumanda yashayotgan 30 mingdan ortiq aholi uchun juda zarur edi.

Endilikda Mo`ynoq markaziga havo kemasi orqali nafaqat respublikamiz poytaxti va boshqa viloyatlardan keladigan yo`lovchilar, balki xorijlik turistlarning ham kelib ketishi uchun ham xalqaro talablarga mos sharoit yaratildi. Mazkur aeroport Orol dengizini ko`rish maqsadida kelgan sayyohlar uchun katta qulaylik bo`ldi. Bu erda olib borilayotgan qurilish ishlari to`liq yakuniga etib, unga ko`ra 50 o`ringa mo`ljallangan «VIP» terminali binosi qurib bitkazildi. Ushbu 1 qavatli bino o`lchami 36 metrga 36 metr bo`lib, umumiy balandligi 8,6 metrdan iborat. Aeroportning uchish-qo`nish va harakatlanish yo`laklari uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi.

Terminal binosining tashqi va ichki qismi milliy me`morchilik asosida pardozlandi. Mo`ynoq tumanining kontinental ob-havosidan kelib chiqib, binoning ichki qismida yozda salqin, qishda issiq harorat saqlanishi ta`minlanadi. Majmuaning kirish va ichki qismida mahalliy yo`lovchilar va xorijlik turistlar uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Hududga signal chiroqlari va radiolokasiya uskunalari ham o`rnatildi. Ta`kidlash lozimki, 1947 yilda barpo etilgan 3-darajali «Mo`ynoq» aeroporti ta`mirlanishiga qadar faqat An-2, An-24 va Yak-40 kabi kichik samolyotlar hamda barcha turdagi vertolyotlar qabul qilinib, 1960 yillardan 1990 yillarning boshlarigacha Qo`ng`irot, Nukus, Urganch, Taxtako`pir, Qozoqdaryo, Aspantay, Tulei aholi punktlari bilan kuniga 19 tagacha yo`lovchi reyslari amalga oshirilgan. Toshkentdan ham haftasiga 3 marta samolyot qatnagan.

Yangi qurilgan aeroportga esa ilk marta salkam 30 yillik tanaffusdan so`ng «Uzbekistan Airways» kompaniyasi tomonidan Airbus A-320 samolyoti kelib qo`ndi. Sinov tariqasida amalga oshirilgan «Urganch – Mo`ynoq» yo`nalishi bo`yicha yo`lovchilarni olib kelgan samolyot reysi muvaffaqiyatli qo`nib, uchdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1