Bir martalik moddiy yordamlar berildi
Bu haqda Pensiya jamg`armasi axborot xizmati xabar berdi . Moddiy yordam va ko`makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh to`plamlari, maktab formasi va o`quv qurollari bilan ta`minlash maqsadida 2020 yilning sentyabr oyida aholining quyidagi uch toifasiga bir martalik moddiy yordamlar berilishi ko`zda tutilgan edi:
1. Moddiy yordam va ko`makka muhtoj oilalarning ro`yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarning 16 yoshga to`lmagan bolalariga;
2. Boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to`lmagan bolalariga;
3. Nogironligi bo`lgan 16 yoshga to`lmagan bolalarga.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ—4815-son qaroriga muvofiq, bir martalik moddiy yordam miqdori har bir 16 yoshga to`lmagan bolalari uchun 500 ming so`m etib belgilangan.
Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg`armasi — boquvchisini yo`qotgan oilalarning voyaga etmagan farzandlari hamda nogironligi bo`lgan 16 yoshga to`lmagan bolalariga moddiy yordam pullarining pensiyalarni (nafaqalarni) to`lash uchun belgilangan muddatda manzilli etkazilishini ta`minlaydi.
Moliya vazirligi — zarur mablag`larni O`zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mahalliy byudjetlariga o`z vaqtida ajratish;
Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda — moddiy yordam mablag`larini tarqatish uchun naqd pul bilan ta`minlash bo`yicha mas`ul etib belgilangan.
Har qanday ajratilgan mablag`larning o`z egalariga etkazib berilishi va to`g`ri ajratilganligi tekshirib, o`rganilishi zarur. Chunki, inson omili aralashgan joyda har qanday noxush holatlar yoki noqonuniy va o`zlashtirish holatlariga yo`l qo`yilishi mumkin.
Mazkur Qarorda belgilangan bir martalik moddiy yordam to`lovlarining manzilli etkazib berilishi bo`yicha Pensiya jamg`armalari va AT “Xalq banki” filiallari mas`ul tashkilot hisoblanadi. Davlat Moliyaviy Nazorat Departamenti hamda uning hududiy boshqarmalari shuningdek, hududiy moliya bo`limlari tomonidan ularning qonuniyligi va o`z egalariga etkazib berilganligi o`rganiladi va tekshiriladi.
Bugungi kunda Respublika bo`yicha bir martalik moddiy yordam oluvchi (farzandlar soni bo`yicha) jami 330 668 nafar fuqarolarga 165 334,0 mln so`m miqdoridagi mablag`lar to`lanishi rejalashtirilgan bo`lib, ushbu mablag`lar joriy yilning 8 sentyabr kuni Pensiya jamg`armasi tomonidan AT “Xalq banki” va boshqa tijorat banklariga to`liq moliyalashtirildi.
Qaror ijrosini ta`minlash maqsadida Pensiya jamg`armasi tomonidan avgust oyida 8 470 nafar nogironlik muddati tugagan bolalarning nogironlik muddatlari va 41 277 nafar sentyabr oyida o`qishni davom ettirayotgan 16 yoshdan katta boquvchisini yo`qotgan bolalarning pensiya yoki nafaqa muddatlari uzaytirilib, ketma-ket uch oy davomida vaqtincha uyda yo`qligi hamda 6 oy muddatda pensiya jamg`armasiga kelmagan 403 nafar shahslarning pensiya yoki nafaqa to`lovlari to`htatilmagani holda joriy oy to`lov qaydnomalariga kiritildi.
Moliyalashtirilgan mablag`lardan 116 812,3 mln. so`mi yoki 71 foizi naqd pul shaklida va 48 521,7 mln.so`mi yoki 29 foizi esa tijorat banklarda ochilgan bank plastik kartalari orqali oluvchilarni tashkil qiladi. (jadval ilova qilinadi).
Bugungi kunda (15.09.2020 yil) moddiy yordam sifatida to`lash uchun ajratilgan 165 334,0 mln so`m miqdoridagi mablag`lar to`liq moliyalashtirilgan hamda 162 562,4 mln.so`mi (98%) fuqarolarga manzilli etkazib berilishi ta`minlandi.






