Dunyoda qachondan boshlab kamdan-kam uchraydigan Kavasaki sindromi paydo bo`ldi. Bu sindrom koronavirus infeksiyasi bilan bog`liqmi? Multtizimli yallig`lanishi sindromining qanday asosiy belgilari mavjud?
Ushbu savolga Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Barno Abdusamatova quyidagicha javob berdi:
COVID-19 kasalligining yuqori darajasi kuzatilgan mamlakalarda bolalarda koronavirus infeksiyasidan keyin pediatrik kavasakisimon sindrom shaklidagi yangi kasallik 2020 yil aprel oyidan qayd etila boshlandi.
COVID-19 bo`lgan bolalar va o`smirlarda vaqtinchalik assosiyasiyalangan Multtizimli yallig`lanish sindromi (MVS) — COVID-19 infeksiyasidan so`ng yallig`lanish bilan bog`liq immunologik hodisa. Ushbu patologiya infeksiyadan so`ng yuzaga keladi va bolalarda COVID-19 ga chalingandan 3-5 hafta o`tib rivojlanadi, qonda antitanachalar aniqlanishida paydo bo`ladi.
Multtizimli yallig`lanish sindromining asosiy klinik alomatlari:
- 24 soat davomida tana haroratining 38,5 darajadan yuqori bo`lishi;
- oshqozon-ichak trakti buzilishi: qorinda og`riq, qusish, ko`ngil aynishi, diareya;
- 50 foiz holatlarda nafas tizimi shikastlanishi mumkin, ya`ni yo`tal, og`ir pnevmoniya rivojlanishi tufayli nafas siqilishi.
- Kasallik bosqichlariga ko`ra, tanada dog`lar, papulalar, kon`yuktivit, limfotugunlar kattalashishi, kista va oyoqdagi shishlar paydo bo`lishi mumkin;
- yurakda og`riqlar shaklida yurak-qon tomir alomatlari ham mavjud;
- shuningdek, til va labda och qizil rangda qizarish kuzatiladi.
Ta`kidlash lozimki, COVID-19 bilan bog`liq multtizimli yallig`lanish sindromi (MVS) bolalarda tarqalgan kasallik hisoblanmaydi, biroq ayrim bolalarda koronavirus infeksiyasidan so`ng Kavasaki kasalligiga o`xshash klinik belgilar paydo bo`lishi mumkin va kasallik yurak mushaklari yallig`lanishi, yurak tomirlari anevrizmi rivojlanishi va boshqa organ va tizimlar shikastlanishi belgilari bilan og`ir kechishi mumkin.
San-Antoniodagi Texas universiteti tibbiyot fanlari markazi shifokori Alvaro Moreyroning so`zlariga ko`ra, tadqiqot davomida butun dunyoda 1 yanvardan 25 iyulga qadar qayd etilgan 662 nafar multtizimli yallig`lanish sindromi bo`lgan bolalar salomatligi o`rganildi. Ularning aksariyatida yurak shikastlanishi kuzatilgan.
Shuningdek, bolalarda Kavasaki kasalligida kuzatiladigan yurak qon-tomirlar kengayishi ham qayd etilgan. Taxminan 10% bolalarda yurak tomir anevrizmi kuzatilgan. Anevrizm bo`lgan bolalar salomatligi eng ko`p xavf ostida.
Yana bir xulosa, multtizimli sindrom bo`lgan bemorlarning deyarli yarmi semizlik va ortiqcha vazndan aziyat chekishgan.
Shuning uchun ham bolalarda COVID-19ni oldini olish chora-tadbirlari avvalgiday dolzarb. Ushbu kasallikni muvaffaqiyatli davolash uchun erta tashxislash va o`z vaqtida muolaja qilish muhim hisoblanadi, dedi Barno Abdusamatova.






