Ijtimoiy tarmoqlar hamda ayrim axborot saytlari orqali joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Toshkent shahri hamda respublikamizning ayrim hududlarida aholi xonadonlari ommaviy ravishda elektr energiyasidan uzilganligi to`g`risidagi xabarlar tarqaldi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati xabar berishicha, 15-16 sentyabr kunlari 58 mingdan ortiq qarzdor iste`molchilarni elektr tarmog`idan avtomat tarzda o`chirish amalga oshirilgan bo`lsa, birgina Toshkent shahrining o`zida 210 mingta qarzdor iste`molchi (umumiy qarzdorlik 57,3 mlrd. so`m) aniqlanib, shularning 40 mingdan ortig`i (umumiy qarzdorlik 3,4 mlrd. so`m) avtomatik ravishda tizim tomonidan tarmoqdan ajratilgan.
Tarmoqdan ajratilganlar orasida uzoq muddat davomida elektr energiyasidan foydalanib, shu kungacha hech qanday to`lovlarni amalga oshirmagan iste`molchilar ham bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko`tarilgan yana bir masala, ya`ni iste`molchilar tomonidan qarzdorlik bartaraf etilsa-da, qayta tarmoqqa ulanish kechikayotganligi, ba`zi hollarda bir necha kun chiroqsiz qolishga to`g`ri kelgani to`g`risidagi xabarlarga oydinlik kiritadigan bo`lsak, buning asosiy sababi bir vaqtning o`zida 110 mingdan ortiq o`chirib-yoqish bo`yicha so`rovlar amalga oshirilganligi, bu esa, o`z navbatida, “Elektronhisoblagich” QK MChJga tegishli serverdagi “ESEP” dasturiy ta`minotning katta yuklama bilan ishlashiga olib kelgani yuqoridagi holatlarni keltirib chiqardi.
Xalqaro tajribalar shuni ko`rsatmoqdaki, elektr energiyasi hisob-kitobini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilayotgan boshlang`ich pallada bu kabi holatlar kuzatilishi tabiiy. Mamlakatimizda tatbiq etilayotgan mazkur tizim ham bundan mustasno emas.
Elektr energiyasi iste`molchilariga ayni paytda “Elektronhisoblagich” QK MChJga tegishli serveridagi “ESEP” dasturidagi kamchiliklar qo`shma korxona mutaxassislari tomonidan bartaraf etilgani ma`lum qilindi.
Shu ma`noda, etkazib berilgan elektr energiyasidan qarzdor bo`lgan iste`molchilar avtomatik ravishda tarmoqdan ajratilishi bo`yicha tadbirlar davom ettirilishi, qarzdorlik vujudga kelmasligi uchun esa iste`mol qilingan elektr energiyasi uchun to`lovlarni o`z vaqtida amalga oshirish zarur.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ foydalanilgan elektr energiyasi uchun mamlakatimizda mavjud barcha to`lov tizimlari (U-Pay, Click, Payme, Paynet) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib to`lovlarni amalga oshirish mumkinligini eslatib o`tdi.






