Rossiya Federasiyasi va O`zbekiston o`rtasida mehnat migrasiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar o`tkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakillaridan iborat delegasiya a`zolari mazkur mamlakatga jo`nashi haqida xabar qilingan edi.
Tashrif doirasida Rossiya Federasiyasining Mehnat va bandlik bo`yicha federal xizmatida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti mudiri M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari E.Muxitdinov, mamlakatimizning Rossiya Federasiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, “Rostrud” rahbari M.Ivankov, Rossiya Federasiyasi Prezidenti ma`muriyati fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini ta`minlash bo`limi boshlig`i o`rinbosari M.Vinogradov va boshqalar ishtirokida muzokaralar bo`lib o`tdi.
Muzokaralarda tashqi mehnat migrasiyasi sohasida O`zbekistonda oxirgi yillarda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar to`g`risida ma`lumot berildi. Shuningdek, pandemiya sharoitida O`zbekiston fuqarolarini Rossiya Federasiyasiga tashkillashtirilgan holda ishga jo`natish va ushbu mamlakatda bo`lib turgan fuqarolarimizning mehnat va boshqa huquqlarini himoya qilish bo`yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, pandemiya paytida Rossiyada ishsizlar soni 3,5 millionga etib, ishsizlik darajasi 4,7 foizni tashkil etmoqda. Ishsizlikni kamaytirish maqsadida bandlik xizmatlari faoliyatini «xizmatlar ko`rsatish»dan «muammolarni hal qilish» usuliga o`zgartirish, tegishli yangi standartlar va mehnat qoidalarini joriy etish kabi tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralarda O`zbekiston delegasiyasi tomonidan pandemiya sharoitida O`zbekiston fuqarolarini Rossiyaga ishlashga jalb qilish uchun Rossiya hukumatining Maxsus komissiyasidan (tezkor shtab) ruxsat olish, mehnat migrantlari huquqlari himoyasini ta`minlash bo`yicha yuridik firmalar bilan o`zaro aloqalar o`rtanish, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakolatxonasi va uning Novosibirsk, Ekaterinburg, Samara, Ufa viloyatlarida yangi tashkil etilayotgan filiallari va “Rostrud” o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, mehnat migrasiyasiga oid ikki davlat o`rtasidagi boshqa masalalar yuzasidan bildirilgan takliflar bo`yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
O`zbekiston delegasiyasining tashrifi davom etmoqda.






