AsosiyShou-biznes

“E`tirof-2015” g`olibi Yulduz Rajabova marosimga kelolmaganiga izoh berdi

“E`tirof-2015”da yilning "Eng yaxshi kinoaktrisasi" nomiga munosib deb topilgan aktrisa Yulduz Rajabova taqdirlash marosimiga kela olmadi. Buning sababini bilish uchun aktrisa bilan bog`landik.

—Marosimga borishim haqida xabar berishganida shahardan tashqarida juda muhim s`yomkada edim. Ob-havo juda yomonligi sabab o`z vaqtida etib kela olmadim. Qalin qor yoqqandi, traktor kelib yo`llarni tozalashini kutdik va shu bilan kechasi soat 1,5-2larda shaharga kirib keldik.

Qaysi filmning suratga olish ishlarida qatnashayotgandingiz?

—Sir bo`la qolsin.

—Hozir mukofot qo`lingizdami?

—Yo`q, ertalabdan yana s`yomkadaman. Tugashi bilan Rustam Sa`dievdan borib mukofotimni qabul qilib olaman.

—Mukofot olganingizni eshitganingizda ko`nglingizdan nimalar kechdi? Eng yaxshi kinoaktrisa nomiga qaysi filmdagi ijroingiz uchun sazovor bo`ldim deb o`ylaysiz?

—Ayni damda ko`nglimdagi quvonchni so`z bilan ta`riflay olmayman. Bunga ishonishim juda qiyin bo`ldi. Boz ustiga o`sha vaqtda etib bora olmaganim juda alam qildi. Menimcha mazkur mukofot “Sotqin” filmidagi rolim uchun berildi. Shu sababli eng birinchi o`rinda film rejissyori Rustam Sa`dievga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.

Tahririyatdan: Yulduz Rajabova 2015 yilda juda samarali ijod qilganini tan olmasdan ilojimiz yo`q. Shu kunlarda uning yana ijod bilan bandligi keyingi mukofotga ham davogarlik qilishi mumkinligidan nishona. Darakchi.uz aktrisani ushbu mukofot bilan qutlaydi.

    Boshqa yangiliklar