AsosiyJamiyat

Bu yilgi test sinovlarida ballar nima uchun yuqori bo`lganligi ma`lum bo`ldi

'Bu yilgi test sinovlarida ballar nima uchun yuqori bo`lganligi ma`lum bo`ldi'ning rasmi

«2020-2021-o`quv yilida o`tkazilgan davlat oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovlarida 1 240 614 (95,1%) nafar abiturient ishtirok etdi. Ular orasida maksimal ball (189 ball) olganlar ham ko`p kuzatildi. Buni ba`zi ijtimoiy tarmoqlarda bir yoqlama talqin qilish holatlari kuzatilmoqda. Shulardan kelib chiqqan holda holatga aniqlik kiritish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz», — deyiladi DTM bayonotida.

DTMga ko`ra, ballarning yuqori ekaniga ushbu omillab sabab bo`lgan:

 2019-yildan boshlab umumta`lim fanlaridan test savollari to`plami nashr etildi va ushbu to`plamda ishlatilgan savollar bazasining 20 foizidan ko`prog`i kirish test jarayonlarida foydalanildi.

 Telegram tarmog`ida e-sinov tizimidan abiturientlarga bepul foydalanish imkoniyati yaratildi (test sinovlariga qadar 1,4 mlndan ortiq abiturient ushbu xizmatdan bepul foydalandi).

 Test topshiriqlari soddalashtirildi. Bunda avvallari qo`llanilgan 4-daraja qiyinlikdagi (eng qiyin) savollar umuman olib tashlandi, bu yil ular ishlatilmadi, 3-darajali savollar soni kamaytirildi va 1-darajali savollar soni tegishli ravishda oshirildi (12 ta savol – 1 darajali, 12 ta savol – 2 darajali, 6 ta savol – 3 darajali). Shuningdek, barcha umumta`lim fanlari bo`yicha nazariy savollarning soni ko`paytirildi, o`quv-laboratoriya mashg`ulotlariga oid, rasmli, xaritali va jadvalli test topshiriqlari soni oshirildi.

 Milliy va xalqaro sertifikatlarning tegishli darajasiga, pandemiya davrida ishlab chiqilgan IELTS Indicator sertifikatiga ega bo`lgan abiturientlar uchun ham maksimal ball berish belgilandi.

 Xalq ta`limi vazirligi va Davlat test markazi tomonidan abiturientlarning test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko`rishlari uchun “Onlayn repetitor” teledasturlari muntazam efirga uzatildi.

 Joriy yil uchun istisno tariqasida test sinovi topshiriladigan 5 ta fandan 2 ta mutaxassislik fani qoldirildi.

 Har bir to`g`ri deb topilgan javobga ball berish tizimi o`zgartirilib, birinchi va ikkinchi fan uchun mos ravishda 3,2 hamda 3,1 balldan berildi, oldingi yillardagi kabi 1,1 ball berish qo`llanilmadi.

 Test sinovlarini topshirish uchun ajratilgan vaqt me`yori oshirilib, amaldagi tartibda ko`rsatilgan 2 soat o`rniga 3 soat etib belgilandi.

    Boshqa yangiliklar