Maktablar ochilgani to`g`ri qarormi, ular faoliyatining boshlanishi koronavirus kasalligi bo`yicha epidemik vaziyatga nechog`liq ta`sir qilishi mumkin?
Ushbu savolga AOKAda o`tkazilgan birfingda ishtirok etgan Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Nurmat Otabekov quyidagicha javob berdi:
Albatta to`g`ri qaror. Biz bir umr bolalarimizni uyda qamab o`tira olmaymiz, ular ham aynan shunday murakkab epidemik vaziyatda yashash, o`qish va u yoki bu ish bilan mashg`ul bo`lishga o`rganish kerak.
Buning ustiga bolalarda koronavirus kasalligi engil kechadi, ularda yondosh kasalliklar bo`lmaganligi uchun jiddiy asoratlarsiz barchasi tuzalib ketadi.
Hozir respublikadagi maktablarda tegishli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Qariyb o`qituvchilarning barchasi koronavirusga test tekshiruvlaridan o`tkazildi.
Maktablarning dezinfeksion va epidemiyaga qarshi, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha tayyorgarligi o`rganib chiqildi, mavdjud kamchiliklar bartaraf etildi va birin-ketin ularning faoliyati tiklanmoqda.
Maktablar faoliyatini tiklashi barobarida kasallanish ko`rsatkichi ham ortishi mumkin. Bu tabiiy hol, negaki matablarda bolalarning va o`qituvchilarning muloqoti oshadi va kasallikning bir odamdan ikkinchi odamga o`tish ehtimoli kengayadi.
Bunday paytlarda maktablardagi filtrlar yaxshi ishlashi, xodimlar sergak bo`lishi bilan bir qatorda kasallik belgilari kuzatilgan bolalarni maktabga yubormaslik, bu haqda maktab ma`muriyatini xabardor qilish bo`yicha ota-onalarning ham mas`uliyati yuqori bo`lishi zarur. Bunday talablar o`qituvchilarga ham taalluqli, dedi N.Otabekov.






