Ijtimoiy tarmoqlarda 4-sinf matematika darsligining soxta nusxasi tarqalgani jamoatchilikning bahs-munozaralariga sabab bo`lmoqda. Mazkur masala yuzasidan Respublika ta`lim markazi munosabat bildirdi.
Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Respublika ta`lim markazi ijtimoiy tarmoqlarda 4-sinf matematika darsligi deya tarqatilayotgan turli fikr va skrinshotlar yuzasidan tekshirishlar o`tkazdi.
Mazkur darslik dastlab 2011 yilda chop etilgan bo`lib, uslubiy g`alizliklar tufayli jamoatchilik tomonidan ko`p marotaba e`tirozlarga sabab bo`lgan edi.
Biroq bu xato va kamchiliklar yillar davomida bartaraf qilinmagan.
Joriy yilda darslik etakchi ekspertlar ishtirokida tahlil qilinib, mutaxassislar va keng jamoatchilikdan @darslikka_taklif_bot kanaliga kelib tushgan takliflar asosida nashrga qayta tayyorlandi.
Ayni paytda darslikning o`zbek tilidagi original maketini o`rnatilgan tartibda tasdiqlash ishlari davom etmoqda. Ya`ni 4-sinf matematika darsligi hali boshqa tillarga tarjima qilinmagan.
Xususan, darslikning ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan soxta nusxalarda aks etgan rus tilidagi maketi hali tayyorlanmagan.
Respublika ta`lim markazi darsliklarda kuzatiladigan xato va kamchiliklar, ularni takomillashtirish bo`yicha takliflar @darslikka_taklif_bot orqali qabul qilinishini eslatgan holda, jamoatchilikdan darsliklarga nisbatan uyushtirilayotgan maqsadli axborot xurujlariga ishonish va ularni tarqatishdan avval, bu ma`lumotlarga nisbatan tanqidiy yondashishni so`raydi.






