1

"Bu yil qish 2-5 daraja past bo`lishi kutilmoqda". Shavkat Mirziyoev Bosh vazir, o`rinbosari va Bosh prokuraturaga muhim topshiriq berdi

Jamiyat 18.09.2020, 22:13
"Bu yil qish 2-5 daraja past bo`lishi kutilmoqda". Shavkat Mirziyoev Bosh vazir, o`rinbosari va Bosh prokuraturaga muhim topshiriq berdi

Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 18 sentyabr kuni ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. 

Videoselektor yig`ilishida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob`ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. 

Bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past bo`lishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan  Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12 ta tumani, Qoraqalpog`iston va har bir viloyat bo`yicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirildi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Toshkent shahri tumanlariga, Bosh vazirning birinchi o`rinbosari viloyatlarga shu masalalar bo`yicha mas`ul etib biriktirildi. Tayyorgarlik ishlarini, eng avvalo, bu borada ahvol og`ir bo`lgan 56 ta tuman va shahardan boshlash kerakligi ta`kidlandi.

1 noyabrga qadar 3 mingdan ziyod ta`mirga muhtoj ko`p qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, 131 ta ijtimoiy soha ob`ektini mukammal va 3 mingtasini joriy ta`mirlash vazifasi qo`yildi. Tibbiyot va ta`lim muassasalarining tayyorgarlik holati ko`rib chiqildi.

Bu yil kuz-qish mavsumi uchun 6 million tonna ko`mir mahsulotlari zarurligi qayd etilib, ularni g`amlash va etkazib berish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi. Ko`mir arzon bo`lishi uchun uni import qiluvchi tadbirkorlarga temir yo`lda tashish bo`yicha chegirma berish muhimligi ta`kidlandi.

Bosh prokuraturaga ko`mir narxini asossiz oshirib yuborish, tamagirlik va talon-toroj holatlarining oldini olish yuzasidan ko`rsatma berildi.

“Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyatiga tabiiy gaz tanqis hududlarga 385 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berish vazifasi qo`yildi.

Joriy mavsumda elektr energiyasiga talab o`tgan yilgiga nisbatan 7,5 foiz ko`p bo`lishi kutilmoqda. Bu soha barqaror ishlashi uchun issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz va mazut bilan ta`minlash, elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni ta`mirlash muhimligi ta`kidlandi.

Videoselektor yig`ilishida hukumat a`zolari, tegishli tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1