Davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlar qonun ustuvorligini ta`minlash maqsadida 1993 yilda tashkil etilgan edi. 2017 yilga kelib, ularga alohida maqom berildi: tashkilotda yurist shtatini qisqartirish taqiqlandi, ularga martaba darajasi berish joriy qilindi, har bir shartnoma, buyruq, yuridik hujjatlar yuriskonsultdan o`tishi majburiyligi belgilandi va hokazo.
Ammo bugungi kunda tuman darajasidagi davlat organlari yuridik xizmatlarining ish ko`lami va sifati tahlil qilinganda, ularning faoliyati kutilgan samarani bermayotgani aniqlandi.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning 19 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmon bilan shahar va tuman adliya bo`limlari huzurida davlat tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko`rsatish markazlari tashkil etish belgilandi.
Shu maqsadda, joriy yilning 17 sentyabrida Hukumatning “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko`rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ham qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Markazlarning maqomi, faoliyat tartibi, funksiya va vazifalari belgilab berildi.
Markazlar qonun hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi.
Eksperiment doirasidagi tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining markaz bilan kelishilmasdan qabul qilgan buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Hozircha Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida eksperiment tariqasida. Ya`ni endilikda tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarning har birida emas, faqat shahar va tuman adliya bo`limlari qoshida yuridik xizmatlar tashkil etish maqsad qilib olingan.
Xo`sh, yuridik xizmatlar ko`rsatish markazlari bizga nima beradi?
Birinchidan, byudjet mablag`lari iqtisod qilinadi.
Ayni vaqtgacha tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarda jami 2001 ta yuridik xizmat shtat birligi mavjud bo`lib, ularni saqlab turish uchun bir yilda o`rtacha 80 mlrd so`mga yaqin byudjet mablag`lari sarflanmoqda.
Birgina Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tashkil qilish orqali qariyb 3,5 mlrd. so`m, butun respublika tuman (shahar)larida tashkil qilish orqali esa qariyb
40 mlrd. so`mdan ortiq byudjet mablag`lari iqtisod qilinadi.
Ikkinchidan, qonuniylik va qonun ustuvorligi amalda ta`minlanadi.
Davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta`minlash yuridik xizmatning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shunga qaramasdan, ayni damda bir qator ob`ektiv va sub`ektiv sabablarga ko`ra ushbu vazifa ijrosi etarlicha ta`minlanmasdan kelinmoqda.
Yuridik xizmatlarning qonuniylik va qonun ustvorligini ta`minlash borasidagi faoliyati ularning mustaqil emasligi, rahbar xodimlarning ularga bevosita yoki bilvosita ta`siri ostida etarlicha samara bermayabdi. Bu esa o`z navbatida, davlat organlari va tashkilotlarida noqonuniy ishlarning avj olishiga imkon yaratishi shubhasiz.
Yuridik xizmatlar ko`rsatish markazlari esa davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga bo`ysunmaydi, ularning ta`sir doirasida bo`lmaydi, ya`ni ular to`la mustaqil faoliyat olib boradi. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta`minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tariladi.
Ikkinchidan, yuridik xizmat ko`rsatish sifati oshadi.
Ta`kidlab o`tish kerakki, tuman darajasidagi yuridik xizmat xodimi tomonidan qonunchilikda ularga yuklangan 39 ta funksiyalardan 30 tasi bajarilishi lozim bo`lsa-da, biroq amaliyotda ushbu yuridik xizmat xodimining tashkilotdagi vazifasi bor-yo`g`i buyruqlar va shartnomalarni huquqiy ekspertizadan o`tkazish (asosan viza qo`yish), zaruratga qarab sud majlislarida ishtirok etishdan iborat bo`lib qolmoqda.
Yuridik xizmatlar tashkilotlarda birgina mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta`minlay olmaganliklari sababli, 2018-2019 yillarda sudlar tomonidan noqonuniy ishdan bo`shatilgan 1082 ta fuqaro ishga tiklangan, 1572 nafar shaxsga ish haqi undirib berilgan. Buning oqibatida, birgina davlat boji uchun o`rta hisobda 800 mln so`mdan ortiq byudjet mablag`lari sarflangan.
Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tashkil etish orqali ular faoliyatiga taalluqli bo`lmagan funksiya va vazifalar olib tashlanadi. Natijada yuridik xizmat ko`rsatish markazlari xodimlarining o`zlariga yuklangan vazifalarni samarali bajarishi ta`minlanadi.
Uchinchidan, ortiqcha o`rganishlar, tekshirishlar oldi olinadi.
Bugungi kunda tuman darajasidagi yuridik xizmatlar tashkilotlarda qonun ustuvorligini va qonuniylikni ta`minlay olmayapti, shu sababli tashkilotdagi qonunbuzilishlar adliya bo`limlari tomonidan joylarda o`tkazilgan o`rganishlardan keyingina bartaraf etilmoqda.
Masalan, 2019 yilda adliya bo`limlari tomonidan tumanlaridagi davlat tashkilotlariga nisbatan 15051 ta taqdimnoma kiritilgan, 2431 ta hujjat bekor qilingan.
Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari adliya bo`limlari huzurida tashkil qilinayotganligi sababli, tuman darajasidagi yuridik xizmatlar faoliyatini o`rganish, tekshirish zarurati qolmaydi. Bevosita nazorat vujudga keladi. Bu ham adliya xodimlari mehnat unumdorligi oshishiga, fuqarolarga xizmat ko`rsatishi uchun ko`proq vaqt ajratilishiga zamin yaratadi.
To`rtinchidan, sohaga axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etiladi.
Tuman darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etilishining sust ekanligi yuridik xizmat xodimlari tomonidan hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o`tkazish jarayoniga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Markazlar faoliyati zamonaviy IT texnologiyalari bilan to`liq ta`minlanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari bilan o`zaro hujjat almashinuvi yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Markazlar hamda davlat organlari va tashkilotari o`rtasida hujjat almashinuvining yagona elektron tizimini joriy etish orqali bugungi pandemiya sharoitida ishlarni masofaviy tashkil etish imkonini yaratadi.
Yuridik xizmatlar ko`rsatish markazlar keyinchalik eksperiment natijalari umumlashtirib, muammolar bartaraf etilganidan so`ng butun respublikadagi tuman (shaharlar)da joriy qilinadi.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi