1

O`zbekistonda aholi punktida avtomobil magnitofoni ovozini baland qilib qo`yganlik uchun jarima joriy etiladi

Jamiyat 19.09.2020, 13:22
O`zbekistonda aholi punktida avtomobil magnitofoni ovozini baland qilib qo`yganlik uchun jarima joriy etiladi

Ichki ishlar vazirligi «O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 127-moddasiga o`zgartirish va qo`shimcha kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasini muhokamaga qo`ydi.

Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 sentyabrdagi 12-14-16/1-son topshirig`i ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, respublika hududida avtotransport vositalari sonining keskin ortishi bilan bir qatorda, ayrim haydovchilar tomonidan aholi punktlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalaridan ovozini baland qilib foydalanishi hollari ham uchramoqda. Bunday harakatlar fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligi buzilishiga sabab bo`lmoqda.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2018 yilda 6466 nafar, 2019 yilda 9911 nafar hamda 2020 yilning o`tgan 8 oyi mobaynida 8763 nafar (jami 25 140 nafar) transport vositalari haydovchilari belgilanmagan joylarda faqatgina tovush signalini sababsiz berishi va transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi qurilmalarni o`rnatishi bilan bog`liq qoidabuzarliklarni sodir etgani uchun Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 127-moddasi bilan ma`muriy javobgarlikka tortilgan.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarida avtomobil salonida tovush balandligi 85 desibeldan (dB) baland bo`lmasligi hamda ko`pi bilan 8 soat tinglash tavsiya etilgan. Shu bilan bir qatorda, tovush balandligi 90 dB bo`lganda 2,5 soat, 95 desibelda 47 daqiqa, 100 desibelda 15 daqiqa, 105 desibelda 4 daqiqa, 115 desibelda 28 soniya, 120 desibelda 9 soniyadan ortiq tinglash inson salomatligiga salbiy ta`sir qilish va karlikka sabab bo`lishi mumkinligi qayd etiladi.

Loyihada Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 127-moddasining birinchi qismiga qo`shimchalar kiritilib, ushbu modda quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:

«Tovush signalini sababsiz berish, aholi punkti erlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalaridan ovozini baland qilib foydalanish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o`rnatish» so`zlari bilan to`ldirilmoqda.

Mazkur modda birinchi qismining sanksiyasidagi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagi jarima uch baravari miqdoriga o`zgartirilmoqda.

Yo`l harakati qoidalariga muvofiq, transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o`rnatish qoidalarini buzish bilan bog`liq huquqbuzarlik uchun ma`muriy choralarni kuchaytirish, haydovchilarning transport vositasini boshqarish jarayonida transport vositalari haydovchilari bilan munosabatdagi o`zaro bir-birlariga bo`lgan mas`uliyatini oshiradi.

Yo`l harakati ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta`minlash bilan bog`liq faoliyatning ta`sirchanligini oshiradi.

Fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishlariga hamda inson salomatligiga salbiy ta`sir qilish omillarini kamaytiradi.

Xorijiy tajribani o`rganish transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o`rnatish qoidalarini buzish bilan bog`liq huquqbuzarlik uchun ma`muriy qat`iy jazo choralari qo`llanilishini ko`rsatmoqda. Masalan, Singapurda belgilanmagan joylarda tovush signallarini sababsiz berish 1,5 ming mahalliy dollarda (5,4 million so`m) jarima jazosi qo`llanilishi belgilangan.

Rossiyada 2020 yil avgustda qonunchilikka mazkur sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni sezilarli darajada kuchaytirishga qaratilgan o`zgartirishlar taklif etilib, unga muvofiq, aholi hamda belgilanmagan joylarda sababsiz tovush signallarini berish uchun ma`muriy jarima miqdori 10 baravarga oshirilib, 10 ming rublga (1,370 million so`m atrofida) belgilanishi ko`zda tutilgan.

Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Davlat byudjetidan qo`shimcha xarajatlar talab qilmaydi.

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida fuqarolardan avtotransport vositasining sug`urtasi yo`qligi tufayli avtotransport egasiga ma`muriy jarima qo`llagan holda avtotransport vositasini jarima maydoniga qo`yish amaliyotini bekor qilish haqidagi taklif bilan murojaat qilingan va mazkur murojaat portalda 10 000 dan ortiq ovoz to`plagani to`g`risida xabar berilgandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1