Bugungi kunda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan aholi bandligini ta`minlash, ayniqsa, xorijiy mamlakatlardagi vaqtincha ishsiz qolgan yurtdoshlarimizni va karantin cheklovlari sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni xorijga ishga jalb qilishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Xususan, joriy yilning avgust oyida Rossiya Federasiyasining Neft va gaz ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish instituti raisi o`rinbosari D.Mishchenko boshchiligida qator ish beruvchi kompaniyalar vakillaridan iborat delegasiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida fuqarolarimizni yirik qurilish ob`ektlariga ishga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish va boshqa masalalar bo`yicha kelishib olingan edi.
Ushbu kelishuvga muvofiq, bugun 336 nafar yurtdoshimiz Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali jo`nab ketdi.
Ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchida kasallik aniqlansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan ta`minlanishi, shuningdek, oylik ish haqi o`rtacha 40-60 ming rublni tashkil etishi belgilangan.
Yurtdoshlarimiz 14 kunlik karantindan so`ng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish ob`ektlarida ish boshlaydi.
Ta`kidlash joizki, yil yakuniga qadar 5 mingga yaqin fuqarolarimizning mazkur zavod qurilishga ishga jalb qilinishi rejalashtirilgan.






