Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiy sug`urtasi tizimini joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi tashkil etiladi.
2021 yil 1 iyuldan 2022 yil yakunigacha bo`lgan muddatda Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug`urtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish nazarda tutilgan.
Mas`ul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga loyiha konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar rejasining lozim darajada bajarilishini ta`minlash yuzasidan shaxsiy mas`uliyat yuklanadi.
Jamg`armaning ijro etuvchi direktoriga:
- zarur hollarda, Jamg`arma ijro etuvchi apparatining vaqtinchalik tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to`lash jamg`armasi doirasida o`zgartirishlar kiritish;
- jamg`armaning ijro etuvchi apparati xodimlariga Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi xodimlarini rag`batlantirish jamg`armasi hisobidan egallab turgan asosiy lavozimlari bo`yicha lavozim maoshlariga ustama va boshqa rag`batlantirish to`lovlarini belgilash huquqi beriladi.
— Davlat tibbiy sug`urtasini respublikada joriy qilishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi xorijiy tajriba va Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ekspertlari tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo`lib, dastlabki bosqichda tibbiy muassasalarni axborotlashtirish, tibbiy yordam ko`rsatish yangi modelini va tibbiy muassasalarni moliyalashtirish yangi mexanizmlarini tadbiq etishni o`z ichiga oladi, — deydi Sog`liqni saqlash vazirligi Majburiy tibbiy sug`urtani joriy qilish bo`limi boshlig`i Zoxid Ermatov.
Konsepsiyani amalga oshirish va tajriba-sinov loyihasi natijasida sog`liqni saqlash tizimidagi samarasiz xarajatlar ulushini bosqichma-bosqich qisqartirish, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va tibbiyot xodimlarini moddiy rag`batlantirish mexanizmlarini kengaytirish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko`rsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish hisobiga raqobat muhitini rivojlantirish hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga erishish kutilmoqda.






