AsosiyJamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoev O`ktam Barnoev oilasiga ta`ziya bildirdi

'Prezident Shavkat Mirziyoev O`ktam Barnoev oilasiga ta`ziya bildirdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari, Oliy Majlis Senati a`zosi O`ktam Barnoev 20 sentyabr kuni og`ir xastalik tufayli vafot etgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 21 sentyabr kuni ta`ziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qur`on tilovat qilindi.

O`ktam Barnoev mehnat faoliyatini o`zi tug`ilib o`sgan Buxoro viloyatida boshlagan. Keyinchalik Qishloq va suv xo`jaligi vazirligida, Vazirlar Mahkamasida mas`ul lavozimlarda ishlagan. 2008-2010 yillarda Samarqand, 2016-2020 yillarda Buxoro viloyati hokimi bo`lgan. U joriy yildan Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

O`ktam Barnoevning deyarli butun faoliyati qishloq va suv xo`jaligi bilan bog`liq bo`ldi. U ushbu sohadagi islohotlarini amalga oshirishda asosiy ijrochilardan biri edi. Bu yo`lda barcha bilim, tajriba va kuchini safarbar qildi. Agrar tarmoqni diversifikasiya qilish, bozor mexanizmlari va kooperasiya tizimini joriy etish, er va suv munosabatlarini takomillashtirish, hosildorlikni oshirib, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga katta hissa qo`shdi.

Davlatimiz rahbari bugun marhumning onasi, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi.

– O`ktamjon olijanob, zabardast, fidoyi, vatanparvar, o`rnak olishga arzigulik inson edi, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Bosh vazir paytlarimda ham birga ishladik. Gapirmasam ham meni tushunardi. Bir insonning tarbiyalanib, shunday kadr bo`lib etishishi oson emas. Ayniqsa, oxirgi paytlar og`ir sohani berib, ko`nglim tinchib, ko`p ishlarni boshlagan edik. Bu ofat butun dunyoga keldi. Qo`limizdan kelgan hamma narsani qildik. Lekin o`lim haq. Allohning irodasi ekan. Bu hammamizga musibat. Joyi jannatda bo`lsin!

Prezident marhumning oilasi, farzandlari doimiy e`tiborda bo`lishini ta`kidladi.

O`ktam Barnoevning oila a`zolari davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqimizga osoyishtalik, sihat-salomatlik tilab duo qildilar.

 


 

    Boshqa yangiliklar