O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi “Darakchi” gazetasi bilan hamkorlikda “Iste`molchi huquqi” loyihasi bo`yicha ish boshladi.
Avval xabar berganimizdek, bugun 22 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligida “Darakchi” gazetasi bilan hamkorlik memorandumini imzolashga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktorining o`rinbosari A`zamjon Qurbonovning ta`kidlashicha, agentlik minglab iste`molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bir qatorda reklamalarning muvofiqligi bo`yicha ham nazorat olib boradi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to`g`risida”gi 104-sonli qarori ijrosini taminlash maqsadida tuman (shahar)larda tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan 12 160 ta tashqi reklamalar qaror talablariga mosligi yuzasidan xatlovdan o`tkazilgan. Bundan talabga mos kelmaydigan ob`ektlar (konstruksiyalar) 6 850 ta (56,3 %)ni tashkil etgan bo`lib. Ularning egalariga mahalliy hokimiyatlar tomonidan 3 072 ta ko`rsatma (ogohlantirish) xatlari yuborilgan.Bugungi kunda qaror talablariga mos kelmaydigan ob`ektlar (konstruksiyalar) qaror talablariga moslashtirish va demontaj qilish ishlari davom etmoqda.
Ta`kidlanishicha, o`tgan bir yilda 12 mingdan ortiqiste`molchi murojaatlari ko`rib chiqildi. 1,7million iste`molchilarning huquqi buzilishi natijasida 23 milliard 500 million so`m ortiqcha mablag` hisoblangani aniqlangan, ulardan 5 mlrd. so`mga yaqini iste`molchilarga qaytarilgan mablag` qayta hisob-kitob qilinishi ta`minlandi.
Iste`molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida 10ga yaqin sohaviy o`rganishlar o`tkazilgan. Shundan, yangi qurilgan ko`p qavatli uylarni sotishda iste`molchilar bilan tuzilgan shartnomalar, avtomobillarni ijaraga (avtolizing) berish xizmati, tijorat banklari bilan iste`molchilar o`rtasida tuziladigan shartnomalar, karantin davrida obuna ishlari, iste`molchilarga zamonaviy elektr va gaz priborlari o`rnatilishi, suyultirilgan gaz etkazib berish, hududlarning mobil qamrov darajasi, avtobus bekatlari holati va boshqalar yuzasidan mavjud holat tahlil qilinib, iste`molchi huquqlarini yanada mustahkamlash bo`yicha tegishli idoralarga axborot va takliflar kiritilgan.
–Endi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va "Darakchi" gazetasi bilan o`zaro maqsadli hamkorligiga kelsak, bundan maqsad – ijtimoiy sheriklikni ta`minlash orqali fuqarolarning iste`molchilik huquqlari bo`yicha bilimi va ko`nikmalarini yanada oshirish, ularning ijtimoiy hayotidagi kundalik muammolarini hal etishdan iborat, dedi A`zamjon Qurbonov.
Hammamizga ma`lumki, “Darakchi” gazeta faoliyat boshlaganiga ham 24 yil bo`libdi va ana shu fursatda mazkur nashr ko`p sonli gazetxonlarning e`tiborini qozondi, desak mubolag`a bo`lmaydi.
Quvonarlisi,bugungi kungacha “Darakchi” gazetasi orqali Agentlik tomonidan taqdim etilgan iste`molchilar uchun muhim va dolzarb bo`lgan mavzularda o`ndan ortiq maqolalar yoritildi. Ijobiy hal etilgan murojaatlarda gazetaning munosib hissasi bor.
O`ylaymizki, Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan “Darakchi” gazetasi o`rtasida kelishuv bitimi tuzish orqali o`rnatilgan hamkorlik aloqalari kelajakda yanada o`zining ijobiy natijasini beradi.
O`z maqsadidan kelib chiqan holda, kelishuv bitimida:
aholining iste`molchilar huquqini himoya qilish borasidagi huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda innovasion usullarni, xorijiy davlatlarning ijobiy tajribalarini tatbiq etish;
fuqarolarga iste`molchilik huquqlarini himoya qilish bo`yicha onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yo`li bilan birlamchi yuridik yordam ko`rsatish;
iste`molchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan qo`shma takliflar tayyorlash hamda iste`molchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish;
fuqarolarning murojaatlarini ko`rib chiqish, jumladan sayyor qabullarni muntazam o`tkazish aholi bilan bevosita va ochiq muloqot o`rnatish – hamkorlikning asosiy mezoni bo`ladi.