1

Sayyor qabul muammolar joyida hal etmoqda

Jamiyat 23.09.2020, 10:43
Sayyor qabul muammolar joyida hal etmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o`rinbosari A.Usmonov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi joriy yilning 11-18 sentyabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus shahrida, Taxiatosh, Bo`zotov, Taxtako`pir, Chimboy, Mo`ynoq, Qo`ng`irot, Qorao`zak, To`rtko`l va Amudaryo tumanlarida sayyor qabul o`tkazdi.

O`tkazilgan tadbirlar davomida jami 3076 ta masala bo`yicha murojaat qabul qilinib, shundan 1017 ta murojaat ijobiy hal qilindi, 785 ta murojaatga tushuntirish berildi va 1274 ta murojaat ijro uchun nazoratga olindi. Fuqarolar tomonidan asosan ish bilan ta`minlash, ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, uy-joy va moddiy yordam, sud qarorlari, ichki ishlar organlari faoliyati, yo`llarni ta`mirlash, gaz va elektr ta`minoti, uy-joy kommunal xizmati, sog`liqni saqlash, tijorat banklariga oid va boshqa masalalarda murojaat kelib tushdi.

Ommaviy qabul doirasida sayyor sud majlislari o`tkazilgan holda, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan 30 nafar mahkum jazoning o`talmagan qismidan shartli ravishda ozod qilindi. Bundan tashqari, 25 nafar shaxsga nisbatan qo`zg`atilgan ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi ish ko`rilib, huquqbuzarlar Ma`muriy Javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 21-moddasiga asosan ogohlantirilib, javobgarlik va jazodan ozod etildi.

Tadbirkorlar va xo`jalik yurituvchi sub`ektlardan kelib tushgan 11 ta da`vo ariza ko`rib chiqilib, shundan tadbirkorlik sub`ektlari foydasiga 590,3 million so`m undirildi.

Bosh prokuratura tomonidan 2 ta sud qaroriga protest keltirildi, 5 ta jinoyat ishi qo`zg`atishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilindi, 4 ta jinoyat ishiga ko`rsatma berildi. Bundan tashqari, Qorao`zak tumani “Quralpa”ovul fuqarolar yig`ini hududida yashovchi 90 ta xonadonga tozalangan ichimlik suvi etkazib berildi, jami 5 kilometr yo`llarga qum-shag`al yotqizildi. 5 nafar fuqaroga jami 238 million so`mlik kredit mablag`i olib berildi va 31 nafar fuqaroning bandligi ta`minlandi.

Ichki ishlar vazirligi rahbarlariga murojaat qilgan 6 nafar fuqaro ichki ishlar organiga ishga qabul qilinib, 2 nafar fuqaro qayta ishga tiklandi, 11 nafar fuqaroligi bo`lmagan shaxsga O`zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berildi.

O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish bo`yicha 17 nafar fuqaroga hujjat rasmiylashtirildi. 1 nafar fuqaroga manzil koloniyasiga o`tkazish masalasi hal qilindi. Kelib tushgan murojaat bo`yicha 1 kilometr yo`lga shag`al yotqizildi, 1 ta kam ta`minlangan oilaning uy-joyi to`liq ta`mirlandi.

– Qabul doirasida Ӯzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Xalq ta`limi vazirligi vakillari maktabimizda bӯlib, sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, – deydi Qoraӯzak tumani xalq ta`limi bӯlimiga qarashli 8-umumta`lim maktabi direktori ӯrinbosari Davron To`reniyazov. – Jamoamiz tomonidan bildirilgan murojaat inobatga olinib, 16 dona kompyuter jamlanmasi, maktab ӯquvchilarining sӯnggi yangiliklar bilan tanishib borishlari uchun radiouzel, boshlang`ich sinf ӯquvchilari uchun qӯl yuvish rakvinasi sovg`a qilindi. Bundan judayam mamnunmiz.

O`zbekiston Respublikasi Mahalla va oilalarni qo`llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari tomonidan Kegeyli tumanida yashovchi kam ta`minlangan Z.Ibragimovaga uy-joyini ta`mirlash uchun 6 ming dona g`isht, Chimboy tumanida yashovchi kam ta`minlangan T.Jiemuratova va Qorao`zak tumanida yashovchi 2-guruh nogironligi bӯlgan shaxs K.Jumabaev xonadonlari ta`miri uchun 240 ta shifer berildi. Shuningdek, 1,6 kilometr yo`lga qum-shag`al yotqizildi. 860 metr yo`l tekislandi va 15 kilometr yo`l chuqurlari ta`mirlandi.

Joylardagi ommaviy qabul mobaynida 29 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta`minlandi. 41 nafar fuqaro haq to`lanadigan jamoat ishiga jalb qilindi. 46 nafar fuqaro kasbga tayyorlash uchun yuborildi. 31 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. 3 nafar fuqaroga moddiy yordam, 85 nafar ishsiz fuqaroga ishga qabul qilish uchun yo`llanma berildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi mutasaddilari tomonidan 22 nafar fuqaroga davolanish uchun order, 8 nafar fuqaroga nogironlik guruhiga chiqish uchun ekspertizaga yo`llanma berildi. 1 nafar fuqaro kislorod konsentratori bilan ta`minlandi. Shuningdek, 15 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi va eshitish moslamasi topshirildi. Bundan tashqari, 3nafar fuqaro tibbiyot yo`nalishi bo`yicha ishga joylashtirildi. Buyuk Britaniyalik tibbiyot xodimlari ishtirokida 2 nafar bemorga teletibbiyot muloqoti orqali tashxis qo`yildi. Qorao`zak tumanida 3 nafar bemorga murakkab yuqori texnologik amaliyot bajarish uchun 200 million so`mlik moliyaviy manbani topib yordam ko`rsatish belgilandi.

–1986 yilda tug`ilgan farzandim Baxitboy Avezbaqievga jarrohliq amaliyoti uchun yordam so`rab murojaat qildim, – deydi Bo`zatov tumanidagi “Sarancha” ovulida yashovchi fuqaro Biybirӯza Qabilbekova. – Murojaatim inobatga olinib, O`zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasining Qoraqalpog`iston kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan 36 million so`m mablag` ajratib berildi.

Tabiiy gaz, elektr energiyasi ta`minoti va ichimlik suvi bo`yicha bir qator muammolar echimini topdi. Jumladan, 2 ta transformator ta`mirlandi, 3 ta elektr yoritgich, 2 ta elektr hisoblagich o`rnatildi, 400 metr SIP kabel tortildi va 7 ta tayanch ustun yangisiga almashtirildi. Qorao`zak va To`rtko`l tumanlarining chekka hududlariga ichimlik suvi etkazib berildi. 1 kilometr suv quvuri tortilishi boshlandi.

Xalq ta`limi vazirligi rahbarlari tomonidan 5 ta umumta`lim maktabiga 75 dona kompyuter sinfi jihozlari etkazib berildi. Oliy ta`lim muassasalarini tugatgan va ishsiz 32 fuqaro ishga qabul qilindi. Maktabgacha ta`lim tashkilotiga 10 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. 3 ta maktabgacha ta`lim tashkilotiga jihozlar ajratib berildi va bittasida ta`mirlash ishlari boshlandi.

Qozog`iston Respublikasidan 48 nafar talabaga Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga o`qishini ko`chirish uchun buyruq chiqarildi. Tijorat banklari tomonidan 15 ta tadbirkorlik sub`ektiga 2,3 milliard so`m kredit mablag`lari ajratildi. Qarz va zararni undirishga oid 16 ta murojaat bo`yicha 67,4 million so`m undirildi.

Bӯlib ӯtgan sayyor qabullar davomida fuqarolarni kundalik hayotida qiynab kelayotgan aksariyat muammolar ijobiy echimini topdi. Bu ezgu ishlar aholining farovon hayotini ta`minlashga, bugungi kundan rozi bӯlib yashashlariga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1