Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi jurnalstlari Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla Toshpo`latov bilan suhbat uyushtirdi. Bu intervyu orqali ko`plab fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
– Dunyodagi xavfli xastaliklar ro`yxatida yurak-qon tomir kasalliklari oldingi o`rinda turadi. Buning asosiy sabablari nimada?
– Darhaqiqat, hozirgi kunda aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari bilan kasallanish yildan yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, ushbu kasalliklar oqibatida yuzaga keladigan o`lim holatlari bo`yicha yurak-qon tomir kasalliklari nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda ham birinchi o`rinda turadi.
Buning asosiy sabablari tashqi muhitning o`zgarishi, aholi o`rtasida kamharakatlilik – gipodinamiya, jismoniy va ruhiy zo`riqish, rasionda hayvon yog`lari ko`p bo`lgan mahsulotlarni ko`p iste`mol qilish, chekish va spirtli ichimliklarga ruju qo`yish. Ushbu omillar yurak-qon tomir kasalliklarining aholi orasida keng tarqalishiga va yosharib borayotganiga asosiy sabab sifatida ko`rsatish mumkin.
– Kuzatuvlarga ko`ra, yurak-qon tomir kasalligi bo`lgan insonlarda koronavirus infeksiyasi og`ir kechar ekan. Nima uchun?
– Yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy belgilari qonda xolesterin miqdorining ortib ketishi, qon tomir devorlarida xolesterin pilakchalarining paydo bo`lishi oqibatida tomir ichining torayib qolishi, qonning quyuqlashishi, to`qimalarga qon bilan keladigan oziq moddalar va kislorod oqimining pasayishi hamda hujayralarning kislorodga bo`lgan ehtiyojining oshib ketishi bilan namoyon bo`ladi.
Agar yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlar koronavirus infeksiyasi bilan og`rib, o`pka pnevmoniyasi kuzatilganda hamda qon quyuqlashib ketganda yuqorida keltirilgan kardiologik kasallik belgilari zo`rayib ketadi. Ko`pincha bemorlarda yurak-qon tomir kasalliklarining asoratlari oqibatida o`lim holatlari kuzatiladi. Ya`ni, koronavirus yuqtirib olgan bemorlarda o`tkir miokard infarkti, bosh miya insulti, yurak etishmovchiligi holatlari yuzaga kelib, virus infeksiyasining og`ir kechishiga sabab bo`ladi.






