Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, joriy yilning 22 sentyabr kuni soat 14:30 larda, Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumani, Tovoqsoy qo`rg`onida yashovchi A.E. o`ziga tegishli bo`lgan, “Matiz” rusumli avtomashinasida harakatlanayotgan vaqtda ehtiyotsizligi oqibatida boshqaruvni yo`qotib, transport vositasi "Bo`zsuv" kanaliga tushib ketgan.
Avtomashina suvga tushib ketayotgan vaqtda haydovchi A.E. mashinadan tushib qolishga muvaffaq bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga kelib tushgan xabarga asosan, qutqaruv ishlariga Chimyon yong`in-qutqaruv otryadining 6 nafar xizmatchisi jalb qilingan.
Qutqaruvchilarning sa`y-harakatlari natijasida maxsus yuk ko`taruvchi avtokran yordamida transport vositasi suvdan olib chiqilgan.






