23 sentyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidentining “Rossiya Federasiyasi Prezidentining 2020 yil 18 apreldagi “Rossiya Federasiyasidagi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning huquqiy holatini yangi koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan tartibga solish bo`yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to`g`risida”gi 274-sonli farmoniga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi 580-sonli farmoni qabul qilindi.
Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar berdi.
Mazkur farmonga ko`ra,
- 15 martdan keyin muddati tugagan va IIV bazasida bo`lgan barcha ro`yxatdan o`tish hujjatalarining muddati 15 dekabrgacha uzaytirildi;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga nisbatan ma`muriy chiqarib yuborish, deportasiya qilish, ilgari berilgan vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma, yashash uchun ruxsatnoma, ishlash uchun ruxsatnoma va patentni bekor qilish, shuningdek Rossiyaga kirishni taqiqlash kabi choralar qo`llanilmaydi. Rossiya Federasiyasi davlatchiligi va milliy xavfsizligiga nisbatan sodir etilgan yoki shunga tenglashtirilgan og`ir jinoyatlar sodir etgan fuqarolar bundan mustasno;
- 14 martdan keyin muddati tugagan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar (pasport) bilan Roossiya Federasiyasini tark etish mumkin;
- 15 dekabrgacha migrasiya kartada nima yozilishidan qat`i nazar patent olish mumkin.






