AsosiyJamiyat

Prezident “Ta`lim to`g`risida”gi Qonunni imzoladi

'Prezident “Ta`lim to`g`risida”gi Qonunni imzoladi'ning rasmi

 “Ta`lim to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–637, 23.09.2020) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.

Qonunga muvofiq, ta`lim turlari quyidagilardan iborat:

•  maktabgacha ta`lim va tarbiya;

•  umumiy o`rta va o`rta maxsus ta`lim;

•  professional ta`lim;

•  oliy ta`lim;

•  oliy ta`limdan keyingi ta`lim;

•  kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

•  maktabdan tashqari ta`lim.

Umumiy o`rta ta`lim I–XI sinflarni o`z ichiga oladi.

O`rta maxsus ta`lim akademik liseylarda 9 yillik tayanch o`rta ta`lim asosida 2 yil mobaynida amalga oshiriladi.

Professional ta`lim boshlang`ich, o`rta va o`rta maxsus professional ta`lim darajalariga ajratiladi.

Boshlang`ich professional ta`lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi ta`lim shaklida 2 yillik integrasiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshiriladi.

O`rta professional ta`lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to`lov-shartnoma asosida davomiyligi 2 yilgacha bo`lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta`lim shakllari bo`yicha amalga oshiriladi.

O`rta maxsus professional ta`lim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki to`lov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2 yil bo`lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta`lim shakllari bo`yicha amalga oshiriladi.

Qonunga ko`ra, davlat oliy ta`lim, o`rta maxsus, professional ta`lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o`rta maxsus, professional ta`lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi.  

Nodavlat ta`lim muassasalarini tashkil etish ularning ta`sischilari tomonidan amalga oshiriladi.  

Nodavlat ta`lim tashkilotlariga lisenziya Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi.

 Shuningdek, mazkur Qonun bilan,1997 yil 29 avgustdagi “Ta`lim to`g`risida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to`g`risida”gi Qonunlar o`z kuchini yo`qotdi.

Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar