Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 24 sentyabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – iqtisodiyotning o`sish nuqtalaridan biri, aholi bandligini ta`minlashning katta manbai. Shu bois mamlakatimizda bu sohani rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilinib, barcha zarur sharoitlar yaratib berildi. Endi hokimlar va sektor rahbarlari ishni to`g`ri tashkil etib, yangi korxonalar ochilishi, ularning yashovchanligi, mahsulotlari hajmi, yaratilgan ish o`rinlari bo`yicha natija qilishi kerak.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko`rsatkichlar, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o`rganildi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o`rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “o`rta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.
Videoselektor yig`ilishida ushbu tahlillar asosida joylardagi muammolarni hal etish, ko`rsatkichlari nisbatan past bo`lgan hududlarga ko`maklashish choralari muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleksga kiruvchi vazirlik va muassasalar “tadbirkorga xizmat qiluvchi” tashkilotga aylanishi zarurligi ta`kidlandi. “Qoniqarsiz” deb baholangan tuman va shaharlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, “yaxshi” hududlarning tajribasini ommalashtirish muhimligi qayd etildi.
Misol uchun, Samarqand tumanida hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 1,1 trillion so`mni tashkil etib, aholi jon boshiga 4,5 million so`mdan to`g`ri kelgan. Bu Samarqand viloyatidagi eng yuqori ko`rsatkichdir. Shuningdek, 508 ta tadbirkorlik sub`ekti tashkil etilib, yangi ish o`rinlarining 71 foizi kichik biznesda ochilgan. Mahalliy byudjet tushumlari so`nggi uch yilda 2 baravar ortgan.
Shuningdek, Qamashi tumanida so`nggi uch yilda 802 ta yangi tadbirkorlik sub`ekti tashkil etilib, ishlamayotgan 132 ta korxona qayta tiklangan. Eksport hajmi o`tgan yilgiga nisbatan 1,5 barobar oshgan.
Aksincha, Nukus, Baliqchi, Bekobod, Xovos, Baxmal, Mirzacho`l, Yangiqo`rg`on, Shovot, Kasbi, Qumqo`rg`on, Uchtepa kabi tumanlardagi ahvol qoniqarsiz. Aslida ularda ham etarlicha salohiyat va infratuzilma bor.
Masalan, Qumqo`rg`on tumani tadbirkorlik ko`rsatkichlari bo`yicha Surxondaryo viloyatida eng oxirgi o`rinlardan birida. Lekin u erda 124 ming gektar yaylov va 48 ming gektar oborotdan chiqqan er bor. Ulardan samarali foydalanish bo`yicha loyihalar ishlab chiqilmagan.
Bekobod tumanida ham kichik biznes ulushi respublikadagi eng so`nggi o`rinlardan birida. Tumanda yiliga 10 ming tonna paxta, 100 ming tonna don etishtirilsa-da, qayta ishlanmaydi, deya tanqid qilindi.






