1

OTM talabalarining to`lov-kontraktiga berilgan 10 foiz chegirmalar bo`yicha eng ko`p so`ralgan 5 savolga javob berildi

Jamiyat 25.09.2020, 07:54
OTM talabalarining to`lov-kontraktiga berilgan 10 foiz chegirmalar bo`yicha eng ko`p so`ralgan 5 savolga javob berildi

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Matbuot xizmati to`lov-kontrakt mablag`larini to`lashda talabalarga berilgan 10 foiz chegirmalar bo`yicha eng ko`p berilgan savollarga javoblar taqdim etdi.

Qariyb bir hafta oldin, 18 sentyabr kuni vazirlik telegram kanali orqali talabalar va ularning ota-onalaridan yangi o`quv yili uchun to`lov-kontrakt mablag`larini to`lashda talablarga berilgan 10 foiz chegirmalar bo`yicha tushunmovchiliklar haqida ma`lumot berilishi so`ralgan edi.

O`tgan vaqt mobaynida @otvmurojaat_bot boti orqali 3500 dan ortiq turli mazmundagi xabarlar kelib tushdi. Shulardan mavzuga oid eng ko`p so`ralgan savollarga javoblar:

10 foizlik chegirma qaysi ta`lim shaklida o`qiydigan talabalarga beriladi?

Davlat OTMlarining bakalavriat va magistraturasida kunduzgi ta`lim shaklida to`lov-kontrakt asosida tahsil oladigan barcha talabalarga shartnoma shartlarini bajarishda amaldagi bazaviy to`lov-kontrakt (stipendiyasiz qismidan) miqdoriga 10 foiz chegirma berildi.  

Ikkinchi mutaxassislikda tahsil oladigan talabalarga ham chegirma beriladimi?

Beriladi, agarda talaba ikkinchi mutaxassislikda ta`limning kunduzgi shaklida to`lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan bo`lsa.  

Sirtqi va kechki ta`lim shaklida ham bu imkoniyat beriladimi?

Chegirmalar davlat oliy ta`lim muassasalarida to`lov-kontrakt asosida tahsil oladigan talabalar uchun berilishi belgilangan.  

Chegirmalar nodavlat va xorijiy oliy ta`lim muassasalari, qo`shma ta`lim dasturlarida ham amal qiladimi?

10 foizlik chegirma faqat davlat oliy ta`lim muassasalarida joriy etilgan. Nodavlat va xorijiy oliy ta`lim muassasalarida, shuningdek, qo`shma ta`lim dasturlarida o`quv jarayonini tashkil etish bilan bog`liq barcha masalalar ta`sischilar va xorijlik hamkorlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Shu jumladan, o`qitish narxlari va to`lovni amalga oshirish shakllarini belgilash ham.  

 10 foizlik chegirma kelgusi o`quv yilida ham amal qiladmi?

Mazkur imtiyoz vazirlik tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda pandemiya sharoitida aholining to`lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, bugungi kunda belgilangan bazaviy to`lov-kontrakt miqdorlari  o`qitishning minimal xarajatlarini qoplamayotganiga qaramasdan, farzandi to`lov-shartnoma asosida o`qiydigan oilalarga engillik yaratish va ularni qo`llab-quvvatlash maqsadida 2020/2021 o`quv yili uchun joriy etildi.  

Yuborilgan xabarlarda to`lov-shartnoma shartlarini bajarishda talabalarga berilgan 10 foiz chegirma hisoblanishi bilan bog`liq muammoli holat bo`yicha bironta ma`lumot kelib tushmagan.

Jamaotchilik tomonidan  telegram botga yuborilgan sohaga oid boshqa mazmundagi savollarga ham javoblar e`lon qilinadi.  

"Hurmatli talabalar va ota-onalar!

Agar Sizda oliy, o`rta maxsus va professional ta`lim tizimi bilan bog`liq savollar bo`lsa, aniq faktlarni ko`rsatgan holda telegramdagi @otvmurojaat_bot  orqali bizga ma`lum qiling. Hech bir murojaat e`tiborsiz qoldirilmaydi!" - deyiladi vazirlik xabarida.

 Murojaat uchun - @otvmurojaat_bot

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1