1

Eslatma: mol-mulk va er solig`ining to`lov muddati yaqinlashmoqda

Jamiyat 25.09.2020, 10:44
Eslatma: mol-mulk va er solig`ining to`lov muddati yaqinlashmoqda

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan egaligida soliq solinadigan mol-mulki va er uchastkalari bo`lgan jismoniy shaxslar hamda dehqon xo`jaliklari jismoniy shaxslarning mol-mulk va er soliqlarini teng ulushlarda 15 aprel va 15 oktyabrga qadar to`lashlari lozim. Bu haqda Toshkent shahar DSB Matbuot xizmati bermoqda eslatmoqda. 

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi Farmoniga muvofiq, jismoniy shaxslarning mol-mulk va er soliqlarining to`lov muddati joriy yil 15 oktyabrga qadar uzaytirildi.

Joriy yilda Toshkent shahrida mol-mulk va er solig`i to`lanishi lozim bo`lgan 680,9 mingdan ortiq ob`ekt mavjud. Ularning egalariga davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqlarni to`lash haqidagi ma`lumotnoma yuborilgan.

Joriy yil 23 sentyabriga qadar 523 mingdan ortiq ob`ekt uchun 122,8 mlrd.so`m miqdorida mol-mulk va er soliqlari bo`yicha to`lovlar amalga oshirildi. Tahlillarga ko`ra, poytaxtimizning Bektemir, Uchtepa hamda Yashnobod tumani fuqarolari mol-mulk va er soliqlarini to`lash bo`yicha peshqadamlik qilmoqda.

Eslatib o`tamiz, soliq to`lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida mol-mulk va er soliqlarini «Soliq» mobil ilovasi orqali uydan chiqmagan holda to`lash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, «Click», «PayMe» va boshqa zamonaviy elektron to`lov vositalari yordamida ham to`lovlarni amalga oshirish mumkin. 

"Hurmatli poytaxtimiz fuqarolari!

Unutmang! Siz to`lagan mol-mulk va er soliqlari mahalliy byudjet daromadlarini to`ldirib, poytaxtimiz aholisining ijtimoiy ehtiyojlari uchun sarflanadi. Shunday ekan, mol-mulk va er soliqlarini bugun to`lab, o`z majburiyatlaringizni bajarish bilan birga shahrimiz obodligiga hissa qo`shing!" deyiladi xabarda.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1