Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g`oliblari bo`lgan akademik liseylar, professional ta`lim muassasalari va umumta`lim maktablari o`quvchilarini taqdirlash tartibi to`g`risida nizomga muvofiq: Respublika (1-o`rin) va xalqaro tanlovlar va musobaqalarning (Olimpiya o`yinlarida, Osiyo o`yinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1-3-o`rinlar) individual turlarida g`olib chiqqan akademik liseylar, professional ta`lim muassasalari va umumta`lim maktablarining bitiruvchilari oliy ta`lim muassasasiga test sinovlarisiz va qo`shimcha imtihonsiz qabul qilinadilar. Respublika (1-o`rin) va xalqaro tanlovlar va musobaqalarning (Olimpiya o`yinlarida, Osiyo o`yinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1-3-o`rinlar) jamoa turlari g`oliblari o`z komandalari tarkibidan — akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta`lim maktablari bitiruvchilaridan oliy ta`lim muassasasiga test sinovlarisiz va qo`shimcha imtihonsiz qabul qilish uchun uch nomzodni belgilaydilar. Mazkur imtiyozga ega abiturientlar umumiy qabul parametrlari asosida talabalikka qabul qilinadi, ularga qo`shimcha qabul parametrlari ajratilmaydi. Joriy yil yakuniy tanlov ro`yxatida ayrim bakalavriat ta`lim yo`nalishlarida maksimal 189 ballni to`plagan holda, to`lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abiturientlar mavjud. Mazkur ta`lim yo`nalishlariga yuqorida qayd etilgan imtiyozga ega abiturientlar ham ro`yxatdan o`tgan bo`lib, ushbu toifadagi abiturientlar soni ajratilgan davlat grantlari soniga teng yoki undan ko`p bo`lgan holatlar ham uchraydi. Shuning uchun ayrim bakalavriat ta`lim yo`nalishlarida 189 ball to`plagan abiturientlar ham to`lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. |
25.09.2020 20:10
DTM 189 ball bilan to`lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abiturientlar yuzasidan izoh berdi
