2020 yil 17 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o`rtasida ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish hamda soliqlarni to`lashdan bosh tortish va bo`yin tovlashning oldini olish to`g`risidagi Konvensiya kuchga kiradi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirlishi xabar bermoqda.
Hujjat O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirzieyovning Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida 2019 yil 19 dekabr kuni Tokio shahrida imzolangan.
Konvensiya soliq sohasida qulay shart-sharoit yaratish va soliq ma`muriyatchiligi shaffofligining xalqaro standartlariga javob beradigan ikki tomonlama munosabatlarning mustahkam huquqiy asoslarini shakllantirish orqali savdo-iqtisodiy va investisiyaviy salohiyatni kengaytirishga qaratilgan.
Hozirda ikki davlat o`rtasidagi mazkur sohadigi munosabatlar SSSR Hukumati va Yaponiya Hukumati o`rtasida 1986 yil 18 yanvardagi daromad solig`iga nisbatan ikki tomonlama soliqqa solishni oldini olish to`g`risidagi Konvensiya bilan tartibga solinib kelayotgan edi (Ushbu Konvensiyaga nisbatan O`zbekistonning huquqiy vorisligi 1994 yil 17 mayda notalar almashinuvi bilan belgilangan). Yangi Konvensiya mazkur hujjatni almashtiradi.
Konvensiyaning to`liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.