Falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari bo`yicha taniqli olim, O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Jumanazar Bazarbaev 25 sentyabr kuni 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi. O`zA yozishicha olimning vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboeva, bosh prokuror Nig`matilla Yo`ldoshev va boshqalar o`z ta`ziyalarini bildirdi.
Jumanazar Bazarbaev 1933 yil 13 noyabrda Mo`ynoq tumanida tug`ilgan. Olim 1955 yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini ushbu dargohda katta o`qituvchi sifatida boshlagan. Keyinchalik Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti) aspiranturasida tahsil olgan. Dastlab nomzodlik, so`ngra doktorlik dissertasiyasini himoya qildi.
Ilm-fan sohasidagi ko`p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
Iste`dodli olim 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O`zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog`iston bo`limining Tarix, til va adabiyot instituti direktorining ilmiy ishlar bo`yicha o`rinbosari, bo`lim boshlig`i, Nukus davlat universiteti (hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti) falsafa kafedrasining mudiri, Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta`limi vaziri, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining rektori, kafedra mudiri kabi lavozimlarda mehnat qilgan.
Jumanazar Bazarbaev 1990–1995 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi deputati sifatida faoliyat ko`rsatgan.
Akademik nima sababdan vafot etgani ma`lum qilinmagan.






