Bugun AOKAda Davlat xizmatlari agentligi matbuot kotibi Sevara Zokirova ishtirokida brifing o`tkazildi. Brifingda sohaga oid savollarga javob qaytarildi.
❓Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma`lumotnomasini uydan turib olish mumkinmi?
–Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma`lumotnomasini berish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatishning ma`muriy reglamentitiga muvofiq, jismoniy shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlari ma`lum tashkilotda ishlagan davridagi ish haqiga oid va ishlaganligi to`g`risidagi ish stajiga oid ma`lumotnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga (DXM) borib ariza topshiradi yoki xizmatdan elektron shaklda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) ro`yxatdan o`tadi.
Davlat arxivi so`rovnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab ish stajini tasdiqlashga oid ma`lumotnoma uchun 5 ish kunidan, ish haqini tasdiqlashga oid ma`lumotnoma uchun 20 ish kunidan oshmagan muddatda tegishli QR-kodli ma`lumotnoma shakllantiradi hamda DXMga yoki YaIDXPga yuboradi.
Davlat xizmati ko`rsatish bepul asosda amalga oshiriladi.