AsosiyJamiyat

Oliy sud XTVning Q. Dusovga nisbatan da`vo arizasi bo`yicha fuqarolik ishi yuzasidan OAVda taxminiy munosabatlarni e`lon qilmaslik bo`yicha jurnalistlarni ogohlantirdi

'Oliy sud XTVning Q. Dusovga nisbatan da`vo arizasi bo`yicha fuqarolik ishi yuzasidan OAVda taxminiy munosabatlarni e`lon qilmaslik bo`yicha jurnalistlarni ogohlantirdi'ning rasmi

Oliy sud matbuot xizmati xabar berishicha, da`vogar – Xalq ta`limi vazirligi, javobgar – Qobul Dusovga nisbatan tashkilotning sha`ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro`sini himoya qilish to`g`risidagi da`vo ariza bilan fuqarolik ishlari bo`yicha Chirchiq tumanlararo sudiga murojaat qilgan. 

Ushbu da`vo ariza ish yurituviga qabul qilinib, hozirgi kunda fuqarolik ishi qo`zg`atilgan.

Dastlabki sud majlislarida fuqarolik ishi bo`yicha taraflarning bayonotlari, guvoh ko`rsatmalari olinib, sudning 2020 yil 23 sentyabr kunidagi ajrimiga ko`ra fuqarolik ishi yuzasidan sud-lingvistika ekspertizasi tayinlanib, uni o`tkazish Chirchiq davlat pedagogika instituti zimmasiga yuklatilgan va fuqarolik ishi ish yuritishdan to`xtatilgan. 

Mazkur fuqarolik ishi ekspertiza xulosalari olinganidan so`ng tiklanib, sudda ko`rilishi davom ettiriladi. 

Shu o`rinda Oliy sud matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda turli baxs-munozaralarga sabab bo`lgan ushbu fuqarolik ishi bo`yicha o`tkazilayotgan sud jarayonini yoritayotgan ayrim jurnalist va blogerlar e`tiborini O`zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi Qonuni 6-moddasi (ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste`mol qilishga yo`l qo`yilmasligi) ning talablariga qaratmoqchi. 

Unga ko`ra, muayyan ish bo`yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo`l bilan ta`sir ko`rsatish taqiqlanadi.

Shuni yodda tutish kerakki, sud – mustaqil hokimiyat. U kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmaydi. Sud faqat qonunga tayanadi, dalillarga asoslanadi. 

Bosh qomusimizning 112-moddasida: “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo`ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo`l qo`yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi”, deb qayd etilgan.

Albatta, demokratik huquqiy davlatni so`z erkinligi, ya`ni fikrlar xilma-xilligi tamoyilisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Taraqqiy etgan davlatlarda so`z erkinligi va fikrlar xilma-xilligi taraqqiyotni harakatga keltiruvchi muhim kuch sifatida yuksak qadrlanishi ham shundan. Bu muhim omillar esa, o`z navbatida, qonun ustuvorligi tamoyiliga bo`ysunadi. 

Biroq, so`z erkinligi, fikrlar xilma-xilligini xayolga kelgan gapni aytish, birovni haqorat qilish, shaxs qadr-qimmati va sha`nini erga urish qabilida tushunish kaltabinlikdan boshqa narsa emas.

So`z erkinligi yuksak mas`uliyat va madaniyat belgisidir. Bu tamoyilga hamisha hurmat bilan munosabatda bo`lish talab etiladi.

Mamlakatimizda sudlar ochiq-oshkor (yopiq sud majlislari bundan mustasno) faoliyat yuritadi. Sud jarayonlarida har kim bemalol ishtirok etishi mumkin. 

Ammo ba`zi jurnalistlar va blogerlar sud jarayonida ishtirok etarkan, hali sud hukmi yoki qarori o`qib eshittirilmay turib, bu haqda taxminiy munosabatlarini saytlarida e`lon qiladi. Bu ham – sudga, sudyaga bosim o`tkazishning bir ko`rinishidir.

Sud ishiga asossiz aralashish, sudyani hurmat qilmaslik mavjud qonunlarga bepisandlik sifatida baholanishini unutmang, deyiladi ushbu bayonotda.
 

    Boshqa yangiliklar