Prezident Shavkat Mirziyoev 28 sentyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimidagi islohotlar natijadorligi muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.
Yig`ilishda shu paytgacha bajarilgan ishlar natijadorligi tahlil qilinib, galdagi muhim masalalar ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari “O`zstandart” agentligini milliy organ maqomiga olib chiqish, korxonalarda yangi standartlarni manzilli joriy qilish asosiy vazifa ekanini ta`kidladi.
– Milliy standart “ovozi jaranglashi”ga erishishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Kelgusi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uyg`unlik darajasini 50 foizga etkazish vazifasi belgilandi.
Mutasaddi vazirlik va uyushmalarga to`qimachilik korxonalarida “OEKO-Tex” me`yori, elektr texnikasi tarmog`ida “SE” markirovkasi hamda qishloq xo`jaligida “Global G.A.P.” va “Organic” tizimlarini qo`llashni kengaytirish bo`yicha topshiriqlar berildi. Xalqaro standartlarni tatbiq qilayotgan korxonalarga ko`maklashib, bunga ketadigan xarajatning bir qismini Eksportni qo`llab-quvvatlash agentligi tomonidan qoplab berish muhimligi ta`kidlandi.
– Agar mahsulot xalqaro sertifikatga ega bo`lmasa, u hech qachon raqobatbardosh bo`la olmaydi. Mamlakatda har bir tadbirkor standartni bilishi, tanishi kerak, shunday muhit yaratish zarur, – deya ta`kidladi Prezident.
“O`zstandart” agentligiga avtomobil komponentlari, kimyo, oziq-ovqat, qurilish materiallari tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etish bo`yicha 2021 yilga mo`ljallangan “yo`l xaritalari” ishlab chiqish topshirildi.
Dunyoda zavod va fabrikalar o`z mahsulotlarini bozor talablari asosida takomillashtirib boradi. Shu tajribadan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar imkoniyatini cheklayotgan me`yorlarni ixtiyoriyga o`tkazish kerakligi qayd etildi.
5 mingdan ziyod eski standartlarni bekor qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta`minlash texnik reglamentlarini Evropa va Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Shu bilan birga, sifatsiz import tovarlar kirib kelishining oldini olish maqsadida xavfsizlik talablari soni va qamrovi oshiriladi.
Yig`ilishda Prezident “O`zstandart” agentligining xalqaro standartlash va metrologiya tashkilotlaridagi ishtirokini faollashtirish muhimligini ta`kidladi.
Mazkur agentlikka Evropa iqtisodiy komissiyasi texnik qo`mitasi bilan quritilgan mevalar bo`yicha kelishuvga erishish, kelgusi yilda Xalqaro akkreditasiya forumiga to`laqonli a`zo bo`lish vazifasi qo`yildi.
Sohaga doir ilm-fan va ta`limni rivojlantirish masalalariga ham e`tibor qaratildi. Kelgusi yildan Toshkent davlat texnika universiteti bilan energiya samaradorligi, Kimyo-texnologiya instituti bilan qishloq xo`jaligi mahsulotlari genetikasi, To`qimachilik instituti bilan sintetik tolalar, Ilg`or texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda biologik faol qo`shimchalar yo`nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish muhimligi aytildi.
Shuningdek, O`zbekiston milliy metrologiya institutida qurilish materiallari, suv tejovchi hamda axborot texnologiyalari bo`yicha kafedralar tashkil etilishi belgilandi. Innovasion rivojlanish vaziriligi ilmiy ishlanmalarga grantlar ajratadi.









