Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida O`zbekistonda kambag`allikka tushganlarning 7 foizida diplom borligi ma`lum qilindi.
“O`zbekistondagi kambag`allikka tushganlarning 7 foizi diplomli kambag`al hisoblanadi. Bu O`zbekistonda diplomi bor kishining kambag`allikka tushish ehtimoli past degani”, – dedi Prezident Administrasiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov.
Ma`lum qilinishicha, ijtimoiy himoya tizimi kambag`allikni qisqartirishda eng muhim yo`nalish hisoblanadi. UNICEF tadqiqotlariga ko`ra, oxirgi uch yilda O`zbekistonda shakllangan ijtimoiy himoya tizimi kambag`allikni 39 foizga kamaytirishga xizmat qilgan.
Obid Hakimovga ko`ra, Jahon banki har oy aholining daromadidan kelib chiqib, kambag`allik darajasini baholab boradi. 2018 yilda O`zbekistonda kambag`allik darajasi 11,4 foiz bo`lgan bo`lsa, 2020 yilda bu 7,8 foizga tushishi kerak edi. Ammo pandemiya sabab O`zbekistonda qo`shimcha 450 ming kishining kambag`allika tushish ehtimoli paydo bo`ldi.
Ma`lum qilinishicha, iqtisodiy taxminlarga ko`ra 2021 yilda bu ko`rsatkich 6,2 foizga tushishi ko`zda tutilgan.






